Shoshilinch
Iqtisod

Namanganda yangi elektrobuslar yo‘nalishlarga chiqadi

Namanganda yangi elektrobuslar yo‘nalishlarga chiqadi
Namanganda yangi elektrobuslar yo‘nalishlarga chiqadi / Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namanganda jamoat transporti sifatini oshirish va ekologik toza transport xizmatlarini kengaytirish maqsadida yangi elektrobuslarni yo‘nalishlarga chiqarish rejalashtirilmoqda. Xitoydan 125 ta avtobus yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnoma doirasida dastlabki 10 ta Zhongtong elektrobusi shaharga olib kelindi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi xabar berdi.

Jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi PQ-59-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Bunda zamonaviy avtobuslar sonini ko‘paytirish va yo‘lovchilar uchun yana-da qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida Namangan viloyati tadbirkorlari shahar uchun 108 ta zamonaviy avtobus xarid qildi. Ular brutto-shartnomalar asosida 10 ta yo‘nalishda aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Ekologik toza transportni yana-da rivojlantirish maqsadida «Turon-95 MBI» MCHJ Xitoyda ishlab chiqarilgan 125 ta zamonaviy avtobusni xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Ushbu kelishuv doirasida Namanganga 10 ta Zhongtong rusumli elektrobus olib kelindi.

Tender jarayonlari yakunlariga ko‘ra elektrobuslarni «Otchopar — Chorsu» yo‘nalishiga taqsimlash va Namangan shahar yo‘l-transport tizimining bosh rejasiga muvofiq brutto-shartnoma asosida harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Yangi elektrobuslarga xizmat ko‘rsatish doirasida 20 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Elektrobuslarning yetib kelishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzakov, viloyat prokurori Umirbek Madraximov hamda masʼul vakillar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar elektrobuslarning texnik xususiyatlari, yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar va ulardan shahar yo‘nalishlarida foydalanish imkoniyatlari bilan tanishdi.

Yangi elektrobuslarning ishga tushirilishi Namangan shahri jamoat transportini yana-da takomillashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va ekologik barqaror transport tizimini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.