Shoshilinch
Texnologiyalar

IT Park Ventures va We Fund Ventures memorandum imzoladi

IT Park Ventures va We Fund Ventures memorandum imzoladi
IT Park Ventures va We Fund Ventures memorandum imzoladi / Foto: IT Park Uzbekistan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Ventures va Qirg‘izistonning We Fund Ventures venchur fondi investitsiya imkoniyatlarini o‘zaro almashish va hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzoladi. Kelishuv 22 sentyabr kuni Toshkentda ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida tuzildi. Bu haqda IT Park Uzbekistan xabar berdi.

Memorandum istiqbolli investitsiya bitimlari va startap loyihalarini o‘zaro almashish, investitsiya imkoniyatlarini birgalikda ko‘rib chiqish hamda koinvestitsiya sohasida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Tomonlar kreativ industriyalar sohasidagi texnologik startaplarga alohida eʼtibor qaratishni rejalashtirmoqda. Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kontent ishlab chiqarish uchun sunʼiy intellekt asosidagi yechimlar, media-servislar, o‘yin texnologiyalari va raqamli platformalar kiradi.

Hamkorlik O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan bo‘lgan startaplar uchun investitsiya jalb qilish, sohaviy ekspertiza olish va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.

We Fund Ventures o‘zini Qirg‘izistonda tashkil etilgan birinchi venchur fondi sifatida taqdim etadi. Fondning eʼlon qilingan hajmi 10 million dollarni tashkil etadi. Shundan 5 million dollar kino loyihalarini moliyalashtirish va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishga, yana 5 million dollar esa kreativ industriyalardagi texnologik startaplarga investitsiya kiritishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Fond Markaziy Osiyoni isteʼdodlar va ishlab chiqarish imkoniyatlarining yagona bozori sifatida ko‘radi hamda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi loyihalarga investitsiya kiritadi.

IT Park Ventures direktori Dalerxon Nodirovning taʼkidlashicha, hamkorlik Markaziy Osiyo texnologik kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash va investitsiya loyihalari almashinuvini kengaytirish imkonini beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, texnologiyalar va kreativ industriyalar kesishgan nuqta alohida salohiyatga ega.

We Fund Ventures boshqaruv hamkori Timur Tilenovning maʼlum qilishicha, IT Park Ventures bilan hamkorlik dastlabki bosqichdagi istiqbolli jamoalarni izlash va ularni mintaqa tashqarisida masshtablashtirish uchun ekspertiza hamda investitsiya imkoniyatlarini birlashtirish imkonini beradi.

Memorandum, shuningdek, startap loyihalarini keyinchalik o‘zaro almashish, qo‘shma investitsiyalar uchun imkoniyatlarni izlash, sohaviy tashabbuslarda ishtirok etish hamda Markaziy Osiyo asoschilari uchun xalqaro aloqalarni rivojlantirishni ham nazarda tutadi.

We Fund Ventures‘ning birinchi ochiq tashabbusi 2026 yil 8–11 oktyabr kunlari O‘sh shahrida Think Global. Build Global shiori ostida o‘tkaziladigan Build Global — Osh edition xakatoni bo‘ladi.

Tadbir ishtirokchilari xalqaro salohiyatga ega mahsulotlar yaratadi, mentorlar bilan ishlaydi va o‘z yechimlarini potensial investorlarga taqdim etadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.