Shoshilinch
Iqtisod

Eron delegatsiyasi Toshkent viloyatidagi rezavor bog‘ni borib ko‘rdi

Eron delegatsiyasi Toshkent viloyatidagi rezavor bog‘ni borib ko‘rdi
Eron delegatsiyasi Toshkent viloyatidagi rezavor bog‘ni borib ko‘rdi / Foto: Videodan olingan kadr.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Eron Islom Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston–Eron qishloq xo‘jaligi biznes-forumi doirasida Toshkent tumanidagi sanoat usulida tashkil etilgan rezavor bog‘ga tashrif buyurdi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Eron vakillari Mustaqillik mahallasi hududidagi «Gishtkoprik agro»da joylashgan, «VERY BERRY» MCHJga tegishli 12 gektarlik bog‘da bo‘ldi.

Tashrif davomida delegatsiya ko‘k mevani yetishtirish jarayoni bilan tanishdi. Mazkur ekin Turkiya va Yevropa mamlakatlaridan olib kelingan ko‘chatlar asosida, sanoat bog‘dorchiligiga zamonaviy yondashuvlardan foydalangan holda yetishtirilmoqda.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, amaliy tajriba almashish va eksport salohiyatini oshirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston va Eron tadbirkorlari o‘rtasida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish sohalarida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.