O‘zbekiston

Toshkentlik maktab o‘quvchilari sog‘lom ovqatlanish asoslarini o‘rgandi

Toshkentlik maktab o‘quvchilari sog‘lom ovqatlanish asoslarini o‘rgandi
Toshkentlik maktab o‘quvchilari sog‘lom ovqatlanish asoslarini o‘rgandi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahridagi 60-sonli maktabning 4-sinf o‘quvchilari «Korzinka Oybek» supermarketiga taʼlimiy ekskursiyada ishtirok etib, sog‘lom ovqatlanish va masʼuliyatli isteʼmol tamoyillari bilan amaliyotda tanishdi.

Tadbir Nestlé kompaniyasi tomonidan “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i va Respublika taʼlim markazi bilan hamkorlikda maktablardagi «Salomatlik yo‘nalishlari» dasturi doirasida tashkil etildi.

Ekskursiya o‘quvchilar dastur doirasida o‘tayotgan taʼlimiy modullarning davomi bo‘ldi. Supermarketga tashrif davomida bolalar olgan bilimlarini real vaziyatda qo‘llash va mahsulotlarni ongli ravishda tanlash tamoyillari haqida ko‘proq maʼlumot olish imkoniga ega bo‘ldi.

Maktab o‘quvchilari turli mahsulot toifalari bilan tanishdi, ularni tanlashda nimalarga eʼtibor berish kerakligini bilib oldi, shuningdek, qadoqdagi maʼlumotlarni topish va muvozanatli ovqatlanish tarkibini yaxshiroq tushunishni o‘rgandi.

“Korzinka” tarmog‘i ekspertlari interaktiv shaklda ishtirokchilarga kundalik ovqatlanish odatlarini shakllantirish va ularning salomatlikni saqlashdagi roli haqida maʼlumot berdi.

Ekskursiyaning alohida qismi ekologik amaliyotlarga bag‘ishlandi. Bolalarga tarmoq do‘konlarida ayrim turdagi chiqindilar, jumladan, makulatura va plastik alohida saralanishi va keyinchalik qayta ishlashga yuborish uchun to‘planishi haqida maʼlumot berildi. O‘quvchilar turli xil chiqindilarni ajratish nima uchun muhimligi va saralash chiqindilar miqdorini kamaytirish hamda materiallardan qayta foydalanishga qanday yordam berishini bilib oldi.

Ekskursiya yakuniga ko‘ra, ishtirokchilar mahsulotlarni tanlash va kundalik ovqatlanish odatlarini shakllantirishda qo‘llashlari mumkin bo‘lgan amaliy bilimlarga ega bo‘ldi. Tadbir yakunida o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi va birgalikda suratga tushildi.

«Salomatlik yo‘nalishlari» dasturi O‘zbekistonda Nestlé for Healthier Kids global tashabbusi doirasida O‘zbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining umumiy va uslubiy rahbarligi ostida amalga oshirilmoqda. Dastur 7–8 yoshli bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, «Tabiiy fanlar» asosiy o‘quv kursiga kiritilgan.

«Salomatlik yo‘nalishlari» O‘zbekistonda Nestlé ko‘magida 2013–2018 yillarda mamlakat maktablarida joriy etilgan maktab dasturining yangilangan versiyasi hisoblanadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.