Turizm

O‘zbekiston MDH Turizm kengashiga raislik qildi

O‘zbekiston MDH Turizm kengashiga raislik qildi
O‘zbekiston MDH Turizm kengashiga raislik qildi  / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasi Turizm qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sanjar Tadjiyev boshchiligida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari Turizm kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tadbirda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning turizmni rivojlantirish uchun masʼul davlat organlari vakillari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi hamda MDHga aʼzo davlatlar Parlamentlararo assambleyasi Kengashi Kotibiyati vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar turizm sohasidagi tendensiyalar va istiqbolli loyihalarni, MDHga aʼzo davlatlarning 2021–2030 yillarga mo‘ljallangan turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish, turistik oqimlarni statistik hisobga olish va prognozlash, kadrlar tayyorlash hamda hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

O‘zaro turistik oqimlar bo‘yicha statistik va tahliliy maʼlumotlar almashinuviga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar MDH mamlakatlarining vakolatli organlari o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish va milliy raqamli platformalarning axborot resurslarini integratsiya qilish imkoniyatini muhokama qildi.

Yig‘ilish doirasida Samarqanddagi «Ipak yo‘li» xalqaro turizm va madaniy meros universitetining MDHga aʼzo davlatlarning turizm sohasidagi bazaviy tashkiloti sifatidagi faoliyati ham ko‘rib chiqildi.

Sanjar Tadjiyev universitetning joriy faoliyati, xalqaro hamkorligi, taʼlim va ilmiy dasturlari, shuningdek, MDH davlatlarining sohaviy oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik haqida maʼlumot berdi.

Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, rotatsiya tamoyiliga muvofiq, 2026–2027 yillar uchun MDH davlatlari Turizm kengashiga raislik O‘zbekistonga o‘tdi. Kengash raisi etib Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov belgilandi.

Shuningdek, Kengashning navbatdagi yig‘ilishini 2027 yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga qaror qilindi.

O‘zbekiston raisligi davrida transchegaraviy turizmni rivojlantirish, turistik statistika va tahliliy maʼlumotlar almashinuvini takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash, taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda qo‘shma turistik yo‘nalishlarni yaratishga eʼtibor qaratishni rejalashtirmoqda.

Ushbu yo‘nalishlardagi ishlar MDH davlatlari o‘rtasida turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qilishi kutilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.