Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekgidroenergo” AJ Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi kutubxonasiga O‘zbekiston tarixiga bag‘ishlangan kitoblar to‘plamini topshirdi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” AJ xabar berdi.
Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yosh avlodning maʼnaviy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, milliy tarix va boy madaniy merosni chuqur o‘rganish, shuningdek, ularni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil davom ettirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan ushbu tashabbuslar o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixi, milliy qadriyatlari va maʼnaviy merosini asrab-avaylash, shuningdek, kitob, ilm-fan va maʼrifatning jamiyat hayotidagi rolini yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ushbu maʼrifiy tashabbuslarni xalqaro miqyosda amaliy tatbiq etish maqsadida Koreya Respublikasiga tashrif doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi kutubxonasiga O‘zbekistonning boy tarixi, milliy davlatchiligi, madaniy merosi, mamlakatning zamonaviy taraqqiyoti va rivojlanish yo‘liga bag‘ishlangan kitoblar to‘plamini tantanali ravishda topshirdi.
Taqdim etilgan nashrlar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning asarlari, mamlakat tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan ilmiy-maʼrifiy nashrlar, shuningdek, O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyotini aks ettiruvchi kitoblar o‘rin oldi.
Topshirilgan kitoblarni Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi kutubxonasining Markaziy Osiyo pavilyoniga joylashtirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Endi ushbu nashrlar O‘zbekiston tarixi, madaniyati va zamonaviy taraqqiyoti haqida maʼlumot olishni istagan koreys kitobxonlari, tadqiqotchilar, talabalar, olimlar, jamoatchilik va xorijiy mehmonlar uchun muhim maʼrifiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
“O‘zbekgidroenergo” AJning Koreya Respublikasiga xizmat safari doirasida gidroenergetika sohasidagi ilg‘or tajribani o‘rganish, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va kasbiy aloqalarni mustahkamlash bilan bir qatorda, O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati va zamonaviy yutuqlarini keng targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslar ham amalga oshirilmoqda.
Kitob — xalq tarixini saqlovchi xotira, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bebaho bilim va maʼrifat manbai, shuningdek, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi maʼnaviy ko‘prikdir.