Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Suriya Arab Respublikasidan O‘zbekistonga ishbilarmonlik tashrifi bilan kelgan tadbirkorlar delegatsiyasi tanishuv dasturini alyuminiy va deraza profillari, shuningdek, zamonaviy fasad yechimlarini ishlab chiqaruvchi IMZO kompaniyasi zavodiga tashrif buyurishdan boshladi.
Korxona sohadagi yirik ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Bu yerda qariyb 2 500 nafar xodim mehnat qiladi. Zavodning umumiy maydoni 16 gektarni tashkil etadi, yillik eksport hajmi esa 20 ming kvadrat metrga teng.
Tashrif davomida suriyalik tadbirkorlarga korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy texnologiyalari va mahsulot turlari haqida maʼlumot berildi. Delegatsiya aʼzolari ishlab chiqarish jarayonlarini bevosita kuzatdilar.
Suriyalik tadbirkorlar korxonaning ko‘lami va ishlab chiqarish texnologiyalarini yuqori baholab, qurilish sohasi uchun mo‘ljallangan mahsulotlarga alohida qiziqish bildirdi.
Bu yo‘nalish Suriya uchun ayniqsa dolzarb hisoblanadi. Mamlakatda qurilish va infratuzilmani tiklash ishlari kengayib borayotgani sababli alyuminiy va deraza mahsulotlari, fasad tizimlari kabi qurilish yechimlariga talab yuqori bo‘lib qolmoqda.
Tashrif doirasida O‘zbekiston mahsulotlarini Suriya bozoriga eksport qilish, savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish va kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Delegatsiya dasturidagi ikkinchi sanoat obyekti Krember brendi ostida qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Almerro Group kompaniyasi bo‘ldi.
Korxona O‘zbekistondagi tanishuv dasturi doirasida Suriya delegatsiyasi tashrif buyurgan ikkinchi manzil bo‘ldi. Tashrif davomida mehmonlar kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot turlari va eksport salohiyati bilan tanishdilar.
Almerro Group ishlab chiqarish majmuasi 8,5 gektar maydonni egallagan bo‘lib, uchta korpusdan iborat. Ishlab chiqarish binolarining umumiy maydoni 70 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Korxonada qariyb 1 000 nafar xodim mehnat qiladi.
Kompaniyaning yillik eksport hajmi 20 million AQSH dollariga teng bo‘lib, mahsulotlar 15 ta davlatga eksport qilinadi.
Tashrif yakunida suriyalik tadbirkorlar bilan oziq-ovqat sanoatida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va yangi ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Suriya Arab Respublikasi ishbilarmon doiralari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida uning aʼzolari Zelal Tekstil kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdilar.
Tashrif davomida mehmonlarga korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot turlari va to‘qimachilik sohasidagi imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.
Bundan tashqari, tomonlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, unda to‘qimachilik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida kelgusida amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.