Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston fermerlari va tadbirkorlari delegatsiyasi Misr Arab Respublikasiga tashrif doirasida Savdo-sanoat palatasi rahbarligida Misrning qishloq xo‘jaligi sohasidagi yirik kompaniyalaridan biri — DALTEX faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Kompaniyaning o‘ziga xos jihati cho‘l hududlarini qishloq xo‘jaligi yerlariga samarali aylantirish bo‘yicha tajribasidir. DALTEX yerlarni o‘zlashtirishdan tortib, mahsulot yetishtirish, saqlash, saralash, qadoqlash va eksport qilishgacha bo‘lgan yagona ishlab chiqarish zanjirini shakllantirgan.
Kompaniya qariyb 22,7 ming gektar maydonda kartoshkaning 32 dan ortiq tijoriy navini yetishtiradi va yiliga 300 ming tonnadan ziyod mahsulot ishlab chiqaradi. Sitrus mevalarining yillik eksporti 50 ming tonnadan oshadi.
Tashrif davomida o‘zbek fermerlari suv taqchilligi sharoitida qishloq xo‘jaligini tashkil etish bo‘yicha kompaniya yondashuvlariga alohida eʼtibor qaratdi.
Jumladan, dala ekinlarida Center Pivot aylanma sug‘orish va bog‘dorchilikda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari, suvdan samarali foydalanish va hosildorlikni oshirish usullari o‘rganildi.
Delegatsiya aʼzolarida mahsulot sifatini saqlash va uni eksportga tayyorlash jarayoni ham katta qiziqish uyg‘otdi. Kompaniya tarkibida 7 ta saralash va qadoqlash markazi, shuningdek, mahsulotlarni saqlash uchun 5 ta sovutkich majmuasi mavjud.
Tashrif yakunlari bo‘yicha Misr tajribasini O‘zbekistonning quruq va cho‘l hududlariga moslashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda qishloq xo‘jaligi sohasida DALTEX bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.