O‘zbekiston

Ohangaronda pudratchi 83,5 ming dollar olayotganda ushlandi

Ohangaronda pudratchi 83,5 ming dollar olayotganda ushlandi
Ohangaronda pudratchi 83,5 ming dollar olayotganda ushlandi / Foto: DXX videosidan olingan tasvir.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati Ohangaron tumanida qurilish ishlari bilan bog‘liq qonunga xilof harakatlar holati aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Parrandachilik fabrikasi qurilishida bosh pudratchi bo‘lgan MCHJ rahbari joriy yil aprel oyida obyekt ichki yo‘llarini asfaltlash ishlariga jalb qilingan boshqa MCHJ — subpudratchi bilan 3,7 milliard so‘mlik shartnoma tuzgan.

Shartnomada ko‘rsatilgan ishlar bajarilgan va bosh pudratchi kelishilgan mablag‘ning 2,5 milliard so‘mini subpudratchining hisob raqamiga o‘tkazgan. Biroq qolgan 1,2 milliard so‘mni to‘lamay, hisob-kitobni cho‘zib kelgan.

Bundan tashqari, bosh pudratchi subpudratchi tashkilot taʼsischisidan asfaltlash obyektini unga biriktirib berish va qolgan 1,2 milliard so‘mni to‘lab berishni vaʼda qilish evaziga jami 83,5 ming AQSH dollari talab qilgan.

Toshkent viloyati bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bosh pudratchi bo‘lgan MCHJ rahbari talab qilingan pul mablag‘larini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.