Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Dushanbe shahrida (Tojikiston Respublikasi) 2026 yil 17 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar monopoliyaga qarshi organlari rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston tomonidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ulug‘bek Davlatov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, jahon iqtisodiyotidagi jadal o‘zgarishlar va raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi sharoitida raqobatni himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, SHHTga aʼzo davlatlar o‘rtasida raqobat siyosati amalga oshirilishi bo‘yicha tajriba, ilg‘or amaliyot va axborot almashish bozorda yuzaga kelayotgan yangi chaqiriqlarga samarali javob berish mexanizmlarini ishlab chiqishga xizmat qilishi mumkinligi taʼkidlandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokchilarni mamlakatda raqobatni rivojlantirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijalari bilan tanishtirdi.
Xususan, davlat ishtirokidagi korxonalarning YAIMdagi ulushi 55 foizdan 30 foizga qisqartirilgani, qariyb 2,3 mingta raqobatga qarshi harakatning oldi olingani va bu jarayonda qariyb 912 milliard so‘m mablag‘ qaytarilgani maʼlum qilindi. Shuningdek, birja savdolarida 344 ta manipulyatsiya holati aniqlanib, 105 milliard so‘m mablag‘ qaytarilgani, raqamli «Fair Tech» nazorat tizimi joriy etilgani qayd etildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazish sanasi va joyini, shuningdek, boshqa bir qator tashkiliy masalalarni kelishib oldi.