Po‘lat Bobojonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Prezident Administratsiyasidagi lavozimidan ozod etildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Po‘lat Bobojonov O‘zbekiston Prezidentining kadrlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan ozod etildi. Tegishli farmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti imzoladi.
Qaror Prezident Administratsiyasi tuzilmasini maqbullashtirish doirasida qabul qilindi.
Jumladan, Prezident Administratsiyasi tuzilmasida Prezidentning kadrlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi hamda tegishli bo‘linma tugatildi.
Shu bilan birga, ishning ayrim yo‘nalishlari boshqa bo‘linmalar o‘rtasida qayta taqsimlandi. Xususan, Komplayens xizmati zimmasiga davlat mukofotlari va geraldika sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish masalalari ham qo‘shimcha ravishda yuklatildi.
Komplayens xizmatining qo‘shimcha vazifalari qatoriga mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish ham kiritildi.
Yana bir o‘zgarish Prezidentning vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasi faoliyati yo‘nalishlarining kengaytirilishi bo‘ldi. Uning qo‘shimcha vazifalari qatoriga mahalla instituti faoliyati samaradorligini yana-da oshirish kiritildi.
Kadrlar va tuzilmadagi o‘zgarishlar Prezident Administratsiyasi faoliyatini maqbullashtirish doirasida bo‘linmalar o‘rtasida vazifalarni qayta taqsimlashni nazarda tutadi.
Po‘lat Bobojonov O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.