O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Yangi Zelandiya omonatlarni kafolatlashni muhokama qildi

Dilafro'z Niyazova · 26.08.2026 · 17:35 · 36 views
O‘zbekiston va Yangi Zelandiya omonatlarni kafolatlashni muhokama qildi
O‘zbekiston va Yangi Zelandiya omonatlarni kafolatlashni muhokama qildi / Foto: Omonatlarni kafolatlash agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Omonatlarni kafolatlash agentligi Yangi Zelandiyaning Depositor Compensation Scheme (DCS) omonatlarni kafolatlash tizimi vakillari bilan videokonferensiya o‘tkazdi. Unda tomonlar kompensatsiya to‘lovlarini tashkil etish va omonatchilarni xabardor qilish bo‘yicha tajriba almashdi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi xabar berdi.

DCS vakillari tizim faoliyati, kafolat holati yuzaga kelganda omonatchilarga kompensatsiya to‘lash tartibi, shuningdek, tegishli jarayonlarni tashkil etish va boshqarish haqida maʼlumot berdi.

Jamoatchilik bilan hamkorlik masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Yangi Zelandiya tomoni aholining omonatlarni kafolatlash tizimi va tashkilot faoliyati haqida xabardorligini oshirish, shuningdek, manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha yondashuvlarini taqdim etdi.

O‘zbekiston Omonatlarni kafolatlash agentligi vakillari esa o‘z faoliyati haqida maʼlumot berib, amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, tomonlar 2026 yil boshida banklardan birining bank faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi chaqirib olinganidan keyin yuzaga kelgan amaldagi kafolat holatini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston tomoni aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini ham taqdim etdi va fuqarolarning omonatlarni kafolatlash tizimi haqida xabardorligini oshirish bo‘yicha yondashuvlari haqida maʼlumot berdi. Bundan tashqari, kommunikatsiya strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar va omonatchilarni xabardor qilish tizimini rivojlantirishning keyingi yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar tajriba va maʼlumot almashishning amaliy ahamiyatini taʼkidlab, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Depositor Compensation Scheme — Yangi Zelandiya Markaziy banki tomonidan boshqariladigan omonatlarni kafolatlash tizimi.