O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

BMTning barqaror rivojlanish tarmog‘i O‘zbekistonda tuzildi

Dilafro'z Niyazova · 15.08.2026 · 09:59 · 36 views
BMTning barqaror rivojlanish tarmog‘i O‘zbekistonda tuzildi
BMTning barqaror rivojlanish tarmog‘i O‘zbekistonda tuzildi / Foto: O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — BMTning Barqaror rivojlanish sohasida yechimlarni izlash tarmog‘i (SDSN) 2026 yil 13 avgust kuni o‘zining 60-milliy tarmog‘i — SDSN Uzbekistan tashkil etilganini maʼlum qildi. U O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) hamda Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) tomonidan birgalikda muvofiqlashtiriladi. Bu haqda SDSN xabar berdi.

SSN Uzbekistan hamraislari etib MHTI direktori Umid Abidxodjayev va JIDU rektori Sodiq Safoyev tayinlandi. Yangi tarmoq Markaziy Osiyodagi SDSNning SDSN Kazakhstandan keyingi ikkinchi milliy tarmog‘i bo‘ladi.

SDSN taʼkidlashicha, O‘zbekiston va Qozog‘iston aholi soni hamda iqtisodiy salohiyati bo‘yicha mintaqadagi eng yirik davlatlar sifatida transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish, bilim almashish va Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda muhim rol o‘ynashi mumkin.

SDSN Uzbekistanning tashkil etilishi universitetlar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, davlat muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa hamkorlarning barqaror rivojlanish sohasida birgalikda ishlashga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Tarmoqning vazifalari qatoriga Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini amalga oshirishga ko‘maklashish kiradi.

SDSN Uzbekistan mahalliy darajada yechimlar ishlab chiqish, uzoq muddatli rivojlanish modellarini shakllantirishga ko‘maklashish, bilim almashish va tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. SDSN rejasiga ko‘ra, tarmoq faoliyati O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida barqaror rivojlanishni jadallashtirishga xizmat qilishi kerak.

Ayni paytda O‘zbekistondagi sakkizta muassasa SDSN aʼzosi hisoblanadi. Ular tarmoqning SDG Academy, SDSN Youth va SDGs Today kabi dasturlarida ishtirok etishi mumkin. Bundan tashqari, ishtirokchilarga barqaror rivojlanish sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va tashkilotlar uchun SDSNning yopiq platformasi — SustainChaindan foydalanish imkoniyati beriladi.

Milliy tarmoq tashkil etilishidan oldin MHTI va SDSN rahbariyati o‘rtasida muloqotlar o‘tkazilgan. 2026 yil 11 iyul kuni institut SDSN prezidenti, professor Jeffri Saks bilan uchrashuv tashkil qildi. Unda SDSN aʼzosi bo‘lgan muassasalar, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv ishtirokchilari barqaror rivojlanish sohasida hamkorlikni yana-da mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Umuman, hozirgi vaqtda SDSN 47 ta milliy va 13 ta mintaqaviy tarmoqni birlashtiradi. Ularning har biri kotibiyat faoliyatini taʼminlaydigan, tegishli mamlakat yoki mintaqa universitetlari va tashkilotlarini birlashtiradigan hamda SDSN dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashadigan bir yoki bir nechta tashkilotchi muassasa tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Milliy va mintaqaviy tarmoqlarning asosiy vazifalari Barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashni safarbar qilish, hukumatlarga barqaror rivojlanish vazifalarini hal etishda ko‘maklashish, amaliy yechimlar va uzoq muddatli strategiyalarni ilgari surish, shuningdek, ushbu sohada taʼlim va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

SDSN SDSN Uzbekistan bilan hamkorlik qilish va Markaziy Osiyoda qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.