Farg‘ona viloyatida YPX inspektori bosib ketilishi oqibatida vafot etdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida mast holatda bo‘lgan Spark avtomashinasi haydovchisi transport vositasini to‘xtatishga uringan yo‘l-patrul xizmati inspektorini bosib ketdi. Og‘ir tan jarohatlari olgan ichki ishlar xodimi shifoxonada vafot etdi.
Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati maʼlum qilishicha, hodisa 31 iyul kuni soat 23:30 atrofida O‘zbekiston tumanidagi “O‘qchi” mahallasi orqali o‘tuvchi avtomobil yo‘lining 20-kilometrida sodir bo‘lgan.
Idora maʼlumotiga ko‘ra, 30 yoshli haydovchi transport vositasini to‘xtatish haqidagi qonuniy talabga bo‘ysunmagan va tungi navbatda xizmat o‘tayotgan Farg‘ona viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l-patrul xizmati katta inspektori, serjant Hayotbek Karimjonovni bosib ketgan.
Jabrlangan inspektor og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Biroq shifokorlarning barcha saʼy-harakatlariga qaramay, u reanimatsiya bo‘limida vafot etgan.
O‘zbekiston tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi ikkinchi qismi (transport vositalaridan foydalanish yoki harakat xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lishi) hamda 117-moddasi ikkinchi qismi (xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ichki ishlar boshqarmasi maʼlum qilishicha, Hayotbek Karimjonov 2022 yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelgan. Undan onasi, turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandi qolgan.