O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

Humo to‘lov tizimi foydasi 410,9 milliard so‘mga yetdi

UzDaily tahririyati · 03.08.2026 · 17:45 · 31 views
Humo to‘lov tizimi foydasi 410,9 milliard so‘mga yetdi
Humo to‘lov tizimi foydasi 410,9 milliard so‘mga yetdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Humo to‘lov tizimi operatori hisoblangan «Milliy banklararo protsessing markazi» AJning 2026 yil birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha sof foydasi 410,9 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 230,6 foizga ko‘pdir.

Eʼlon qilingan moliyaviy hisobotga ko‘ra, kompaniyaning tushumi 224,9 milliard so‘mdan 663,7 milliard so‘mgacha oshgan.

Shu bilan birga, ko‘rsatilgan xizmatlar tannarxi nisbatan sekin surʼatlarda o‘sib, 38 milliard so‘mga ko‘paygan va 102,7 milliard so‘mga yetgan. Natijada yalpi foyda 250,1 foizga oshib, 561 milliard so‘mni tashkil etgan.

Birinchi yarim yillik yakuniga ko‘ra, kompaniya aktivlari 865,1 milliard so‘mga yetgan bo‘lib, bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 50,5 foizga yuqori.

Kompaniyaning o‘z kapitali 45 foizga oshib, 715,4 milliard so‘mga yetgan. Taqsimlanmagan foyda hajmi esa 65,6 foizga o‘sib, 542,5 milliard so‘mni tashkil qilgan.

Kompaniyaning so‘nggi 12 oydagi foydasi 599,1 milliard so‘mga yetgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 172,6 foizga ko‘pdir.

2025 yil yanvar oyida Humo tizimidagi davlatning 100 foiz ulushini xususiylashtirish bo‘yicha savdolarda aktiv uchun 65 million AQSH dollari taklif qilgan Paynet kompaniyasi g‘olib bo‘lgan edi.