Farg'onalik tadbirkorlar Afg'oniston bilan loyihalarni muhokama qilishdi
Farg'onalik tadbirkorlar Afg'oniston bilan loyihalarni muhokama qilishdi / Surat: Farg'ona viloyat hokimiyati
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston Davlat korporatsiyalari idorasi rahbari Mavlaviy Ahmadjon Bilol bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ham ishtirok etdi.
Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyati Afg‘oniston hududlari va ishbilarmon doiralari bilan o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma sanoat va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratayotganini taʼkidladi. Shuningdek, istiqbolli yo‘nalishlarda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalardan biri ekanini qayd etdi.
Uchrashuvda Yozyovon tumanidagi “Grin Infrastrakcher Investments Grup” MCHJ tomonidan Afg‘oniston hududida aqlli elektr hisoblagichlarini ishlab chiqarish, elektr energetikasi sohasida zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish hamda IT sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan loyihalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Afg‘oniston Davlat korporatsiyalari idorasi davlat korporatsiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat mulkini samarali boshqarish, moliyaviy va operatsion nazoratni taʼminlash hamda xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirishga masʼul tashkilot hisoblanadi. 2022 yildan buyon mazkur idora davlat korxonalari va korporatsiyalarini isloh qilish dasturini amalga oshirib kelmoqda.
Tashkilot davlat korxonalarini qo‘shimcha moliyalashtirish, zamonaviy texnologiya va uskunalar bilan taʼminlash, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda rahbar kadrlar salohiyatini oshirishga ko‘maklashadi. Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hukumatning masʼul organlaridan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, idora tog‘-kon sanoati, qurilish materiallari va sement ishlab chiqarish, telekommunikatsiyalar, optik tolali aloqa texnologiyalarini joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.
Shu bilan birga, tashkilot savdo va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni qo‘llab-quvvatlash, ko‘rgazmalar tashkil etish, kasbiy taʼlim dasturlarini amalga oshirish hamda mahalliy tadbirkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha ham faoliyat yuritadi.