Shoshilinch
O‘zbekiston

Toshkent Global Cities Index reytingida 128 pog‘ona ko‘tarildi

Toshkent Global Cities Index reytingida 128 pog‘ona ko‘tarildi
Toshkent Global Cities Index reytingida 128 pog‘ona ko‘tarildi / Foto: APC.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent Oxford Economics tahliliy markazi tomonidan tayyorlangan Global Cities Index 2026 reytingida dunyoning 1000 ta eng yirik shahri orasida 343-o‘rinni egalladi. Bir yil ichida O‘zbekiston poytaxti reytingda 128 pog‘ona yuqoriladi. Bu haqda Oxford Economics reytingida maʼlum qilingan.

Toshkent, shuningdek, tadqiqot mualliflari bahosiga ko‘ra, sezilarli dinamikani namoyon etayotgan va reytingda yana-da yuqorilash salohiyatiga ega bo‘lgan 28 ta shaharni birlashtiruvchi Cities to Watch ro‘yxatiga kiritildi.

Oxford Economics Toshkent Markaziy Osiyoning istiqbolli iqtisodiy markazlaridan biri sifatidagi mavqeini bosqichma-bosqich mustahkamlayotganini taʼkidlaydi. Tadqiqotda qayd etilishicha, SSSR parchalanguniga qadar shahar yirik sanoat markazi bo‘lgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgani va xalqaro aloqalar kengayganidan keyin esa shahar iqtisodiyoti yana-da diversifikatsiyalangan.

Reyting tuzuvchilari poytaxtda iqtisodiy o‘sish davom etayotgani, qurilish ishlari faol olib borilayotgani va turli sohalarda investitsiya faolligi ortib borayotganiga ham eʼtibor qaratgan. Shu bilan birga, Toshkent aholi sonining barqaror o‘sishi bilan ajralib turadi. Oxford Economics bahosiga ko‘ra, bu holat poytaxtni Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning qator boshqa shaharlaridan ajratib turadi.

Tahlilchilar poytaxtning afzalliklari qatoriga uning geografik joylashuvi va malakali mutaxassislar mavjudligini kiritgan. Shu bilan birga, Oxford Economics fikricha, aholi jon boshiga nisbatan past YAIM malakali kadrlarni daromad darajasi yuqoriroq bo‘lgan mamlakatlarga ketib qolishi xavfini keltirib chiqaradi. Boshqa muammolar qatorida ekologik yuklama, jumladan, suv resurslari taqchilligi ham qayd etilgan.

Global Cities Index reytingi shaharlarni beshta yo‘nalish bo‘yicha baholaydi: iqtisodiyot, inson kapitali, hayot sifati, atrof-muhit va boshqaruv. Har bir ko‘rsatkich bo‘yicha 0 balldan 100 ballgacha bo‘lgan shkala qo‘llaniladi, shundan so‘ng natijalar umumiy reytingga birlashtiriladi.

Iqtisodiyot bo‘yicha Toshkent 54,7 ball to‘plab, dunyoda 188-o‘rinni egalladi va reytingning yuqori 20 foizidan joy oldi. Baholashda shahar iqtisodiyotining hajmi va tuzilmasi, uning o‘tmishdagi rivojlanish dinamikasi hamda kelgusidagi o‘sish istiqbollari hisobga olinadi.

Inson kapitali kategoriyasida poytaxt 61,5 ball to‘plab, 108-o‘rinni egalladi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha ham reytingning yuqori 20 foizidan joy oldi. Ushbu ko‘rsatkich kadrlar salohiyatining ko‘lami va sifatini, shuningdek, shaharning malakali mutaxassislarni jalb qilish, tayyorlash va saqlab qolish imkoniyatlarini aks ettiradi.

Hayot sifati bo‘yicha Toshkent 47,5 ball oldi va 644-o‘rinni egallab, reytingning quyi 40 foizidan joy oldi. Bu ko‘rsatkich aholining farovonligi, yashovchilarning qoniqishi, moliyaviy ahvoli, sog‘lig‘i va shahar infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini hisobga oladi.

Poytaxtning ekologik ko‘rsatkichi 45,1 ballni tashkil etdi. Bu 806-o‘rin va reytingning quyi 15 foiziga to‘g‘ri keladi. Oxford Economics shaharning iqtisodiy rivojlanishni atrof-muhitni muhofaza qilish bilan uyg‘unlashtirish qobiliyatini, shuningdek, uning ekologik xavflarga nisbatan zaifligini hisobga oladi.

Toshkent beshta kategoriya orasida eng past natijani boshqaruv bo‘yicha qayd etdi — 40,2 ball va 825-o‘rin. Shahar reytingning quyi 15 foizidan joy oldi. Ushbu ko‘rsatkich shahar institutlarining barqarorligi, tartibga solish sifati va aholi hamda biznes uchun sharoitlarning barqarorligini tavsiflaydi. Oxford Economics samarali boshqaruv rejalashtirish, investitsiyalar va shahar ehtiyojlarini taʼminlash uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidlaydi.

Global Cities Index 2026 reytingida birinchi o‘rinni 100 ball bilan Nyu-York egalladi. Ikkinchi o‘rinda 98,8 ball bilan London, uchinchi o‘rinda esa 93,4 ball to‘plagan Parij qayd etildi. O‘ntalikdan, shuningdek, Sietl, San-Fransisko, Dublin, Boston, San-Xose, Tokio va Syurix o‘rin olgan.

Markaziy Osiyoning boshqa shaharlari orasida Olmaota 265-o‘rinni, Ostona 281-o‘rinni egalladi. Bishkek 461-o‘rindan, Ashxobod 668-o‘rindan, Dushanbe esa 672-o‘rindan joy oldi.

2025 yil noyabr oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentni Global Cities Index reytingida ekologik vaziyati barqaror bo‘lgan 300 ta shahar qatoriga kiritish bo‘yicha topshiriq bergan. Buning uchun rejalashtirilgan choralar qatorida sunʼiy suv havzalarini barpo etish va yashil hududlar maydonini kengaytirish ham tilga olingan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.