Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Koreya Respublikasiga tashrif doirasida O‘zbekiston Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov Osong va Asan shaharlarida joylashgan Unimed farmatsevtika kompaniyasining ishlab chiqarish majmualariga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xabar berdi.
Tashrif davomida O‘zbekiston vakillari Koreya Respublikasi farmatsevtika ishlab chiqarishida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, mahsulotlar sifati va xavfsizligini taʼminlash tizimlari, shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyatini ishlab chiqarish jarayonlari bilan integratsiya qilish yondashuvlari bilan tanishdi.
Unimed ishlab chiqarish maydonlarida ishtirokchilarga biologik mahsulotlar va dori vositalarini ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik liniyalar hamda ishlab chiqarishning asosiy bosqichlari taqdim etildi. Sifat nazoratining amaliy mexanizmlari, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar kompaniyaning tadqiqot va ishlanmalar (R&D) sohasidagi faoliyatini ham ko‘rib chiqdi. Xususan, ishtirokchilar laboratoriya infratuzilmasi, yangi farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqish va mavjud preparatlarni takomillashtirish jarayonlari, shuningdek, tadqiqot natijalarini ishlab chiqarish amaliyotiga joriy etish mexanizmlarini o‘rgandi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ustuvor yo‘nalishlar qatorida texnologiyalar va bilimlar almashinuvini kengaytirish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish belgilandi.
Tomonlar farmatsevtika mahsulotlarining sifati va xavfsizligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.