Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va BMT Turizm «2027 yil — Barqaror va yashovchan turizm xalqaro yili»ning rasmiy ochilish marosimini birgalikda tayyorlashga kelishdi. Bu haqda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Kelishuvlar Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulovning Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tgan BMT Turizm bosh kotibi Shayxa Nosir Al Nuvays bilan uchrashuvi chog‘ida erishildi.
Tomonlar strategik hamkorlikni yana-da mustahkamlash, turizmni barqaror rivojlantirish tamoyillarini ilgari surish, turistik yo‘nalishlarning raqobatbardoshligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Barqaror va bardoshli turizm xalqaro yilining rasmiy ochilishiga tayyorgarlik masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Marosimni 2026 yil noyabr oyida Toshkentda «Ipak yo‘lida turizm» Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Marosimni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini prezident Shavkat Mirziyoyev 2026 yil 1 aprel kuni BMT Turizm rahbariyati bilan uchrashuvi chog‘ida ilgari surgan edi.
Muzokaralar yakunida tomonlar Barqaror va bardoshli turizm xalqaro yilining rasmiy ochilish marosimini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvni imzoladi. Hujjat tadbirni tayyorlash va O‘zbekiston hamda BMT Turizm o‘rtasida tegishli chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish uchun huquqiy va tashkiliy asoslarni belgilaydi.
Marosimning Toshkentda o‘tkazilishi barqaror va bardoshli turizm tamoyillarini xalqaro darajada ilgari surishga, shuningdek, O‘zbekistonning global turistik kun tartibini shakllantirishdagi ishtirokini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Uchrashuv davomida Shayxa Nosir Al Nuvays davlat rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan Xavfsiz turizm kodeksi uning shaxsiy nazoratida ekanini ham maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha davlatlar va xalqaro ekspertlar bilan ishlash jarayoni jadallashtirilmoqda.