Iqtisod

O‘zbekistonda gaz sohasini qishga tayyorlash boshlandi

O‘zbekistonda gaz sohasini qishga tayyorlash boshlandi
O‘zbekistonda gaz sohasini qishga tayyorlash boshlandi / Foto: “O‘zbekneftegaz” AJ.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish tizimida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning hal qiluvchi 30 kunlik bosqichi boshlandi.

“O‘zbekneftegaz” AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda korxona va boshqarmalarning ish natijalari, gaz qazib olish ko‘rsatkichlari hamda isteʼmolchilarni gaz bilan barqaror taʼminlash masalalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Yil boshidan buyon korxonalar barqaror qazib olishni taʼminlash maqsadida salmoqli hajmda ishlarni amalga oshirdi. Shu bilan birga, zarur zaxiralar va moliyaviy resurslar mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim yo‘nalishlarda ko‘rsatkichlar kutilgan darajadan pastligicha qolmoqda.

Shu munosabat bilan asosiy eʼtiborni bevosita konlar, quduqlar va qazib olish uchun masʼul mutaxassislarga qaratishga qaror qilindi.

«Qayerda xatolarga yo‘l qo‘yapmiz? Natijalarga erishish uchun yana qanday choralar ko‘rish kerak? Qish yaqinlashmoqda, xalqimizga esa gaz kerak», — dedi Abdug‘ani Sanginov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqaruv qarorlari har bir quduq va har bir kongacha yetib borishi, ularning ijrosi samaradorligi esa aniq natija asosida baholanishi kerak.

Gaz qazib olishda KPI asosida baholash joriy etiladi

Yig‘ilishda Muborak neft va gaz qazib olish boshqarmasida muayyan quduqlarda gaz qazib olish uchun masʼul xodimlar ish natijalarini KPI asosida baholash tizimi allaqachon qo‘llanilayotgani taʼkidlandi.

Ushbu yondashuvni tajriba tariqasida Jamiyatning barcha qazib olish boshqarmalariga tatbiq etishga qaror qilindi.

Shu bilan birga, qazib olishning bazaviy darajasini saqlab qolayotgan va uning pasayishiga yo‘l qo‘ymayotgan boshqarmalarni qo‘llab-quvvatlash vazifasi qo‘yildi. Buning uchun har oylik rag‘batlantirish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Ushbu choralarning asosiy maqsadi mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlarini saqlab qolish, amaldagi quduqlar samaradorligini oshirish va gaz qazib olish hajmlarining pasayishini to‘xtatishdan iborat.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.