Iqtisod

“O‘zbekgidroenergo” Kumsung bilan hamkorlikni muhokama qildi

“O‘zbekgidroenergo” Kumsung bilan hamkorlikni muhokama qildi
“O‘zbekgidroenergo” Kumsung bilan hamkorlikni muhokama qildi / Foto: “O‘zbekgidroenergo” AJ.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekgidroenergo” AJ gidroenergetika sohasiga ixtisoslashgan Janubiy Koreyaning Kumsung Engineering & Construction Co., Ltd. kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” AJ xabar berdi.

Jamiyat boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov boshchiligidagi kompaniya delegatsiyasi Kumsung Engineering & Construction taqdimoti bilan tanishdi. Koreya tomoni vakillari kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnologik imkoniyatlari, mahsulotlar katalogi, shuningdek, kichik va mikroGESlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflarini taqdim etdi.

Taqdimot va amaliy muzokaralar davomida kichik va mikroGESlarni qurish bo‘yicha Koreya texnologiyalarini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar mavjud irrigatsiya tarmoqlari va gidrotexnika inshootlarining energetik salohiyatidan samarali foydalanish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda zamonaviy gidroagregatlar ishlab chiqarish, tegishli texnologiyalarni o‘zlashtirish va qo‘shma amaliy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

“O‘zbekgidroenergo” delegatsiyasi tarkibida “Gidroproyekt” AJ, “Uzhydropower” zavodi, Milliy tadqiqot universiteti — “TIIIMSX”, shuningdek, Toshkent davlat texnika universiteti professor-o‘qituvchilar tarkibi vakillari ham ishtirok etdi.

Ularning ishtiroki hamkorlik istiqbollarini ishlab chiqarish, muhandislik hamda ilmiy-texnik nuqtai nazardan ko‘rib chiqish, shuningdek, Kumsung Engineering & Construction texnologik yechimlarini O‘zbekiston gidroenergetikasi ehtiyojlariga moslashtirish imkoniyatlarini baholash imkonini berdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini va amaliy hamkorlikni davom ettirish masalalarini belgilab oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.