O‘zbekiston

Namangan viloyatida ikki hokim o'rinbosari tayinlandi

Namangan viloyatida ikki hokim o'rinbosari tayinlandi
Namangan viloyatida ikki hokim o'rinbosari tayinlandi / Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatida ikki hokim o‘rinbosari tayinlandi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Xondamir Axunbaboyev turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari, Azizbek Abdusalomov esa qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari hamda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Xondamir Axunbaboyev 1989 yilda Namanganda tug‘ilgan. Oliy maʼlumotga ega, 2013 yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan.

U mehnat faoliyatini 2012 yilda Namangan viloyati hokimligi Kompyuterlashtirish markazida bosh mutaxassis lavozimida boshlagan.

Keyinchalik Namangan viloyatidagi Davlat investitsiyalar qo‘mitasi hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, «Aisha Home Textile» qo‘shma korxonasi tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘limi va ishlab chiqarish boshlig‘i, Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi hududiy sanoatni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, shuningdek, Namangan viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari — Loyiha ofisi rahbari lavozimlarida ishlagan.

Axunbaboyev tayinlovga qadar “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi» davlat muassasasiga rahbarlik qilgan.

Azizbek Abdusalomov 1992 yil 17 aprelda Mingbuloq tumanida tug‘ilgan. Oliy maʼlumotga ega. Manbada qayd etilishicha, u 2017–2024 yillarda Namangan muhandislik-texnologiya institutini tamomlagan. Mutaxassisliklari — muhandis-texnolog va iqtisodchi.

Abdusalomov mehnat faoliyatini Mingbuloq tumanidagi «Azizbek Abdusalomov» fermer xo‘jaligida boshlagan. Keyinchalik Mingbuloq tumani Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi, viloyat kengashi raisining o‘rinbosari va vazifasini bajaruvchi raisi, shuningdek, Namangan viloyati Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, Namangan viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

Yangi tayinlovga qadar Abdusalomov Mingbuloq tumani hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Har ikki tayinlov Namangan viloyati hokimining tegishli qarorlari bilan rasmiylashtirildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.