Farg‘onada hamshira pichoqli hujumdan so‘ng halok bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida bir ayol tuman tug‘ruqxonasining ikki nafar hamshirasiga pichoq bilan hujum qildi. Jabrlanganlardan biri halok bo‘lgan, ikkinchisiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.
Hodisa 7 sentyabr kuni sodir bo‘lgan. Nashr maʼlumotiga ko‘ra, ayol tug‘ruqxona xonalaridan birida ikki nafar hamshirani qamab qo‘ygan va shundan so‘ng ularga pichoq bilan jarohat yetkazgan.
Hamshiralardan biri voqea joyida vafot etgan. Ikkinchi jabrlanuvchiga zarur shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qasddan odam o‘ldirish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hujumda gumonlanayotgan ayol ushlangan.
Ayni paytda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.