O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Mirziyoyev va Lukashenko munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi

UzDaily tahririyati · 31.08.2026 · 00:01 · 42 views
Mirziyoyev va Lukashenko munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Mirziyoyev va Lukashenko munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 30-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari Belarus yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, doʻst Belarus xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Oʻz navbatida, Belarus Prezidenti Oʻzbekiston yetakchisi va koʻp millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan samimiy qutlab, bardavom taraqqiyot va farovonlik tiladi.

Joriy yil 8-9-iyul kunlari Prezidentimizning Minsk shahriga rasmiy tashrifida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Belarus strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Samarali muloqot va almashinuvlar, shu jumladan, ikki mamlakat hududlari darajasida amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 28 foizga oshdi. Qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Yetakchilar boʻlajak ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar rejasini ham muhokama qildilar.