Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyatida Xitoyning China CAMC Engineering Co., Ltd. kompaniyasi bilan hamkorlikda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Viloyat delegatsiyasining kompaniya vakillari bilan muzokaralari ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, logistika infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Asosiy loyihalardan biri Xonobod shahrida sutkasiga 100 ming kub metr ichimlik suvini tozalash quvvatiga ega inshoot qurish bo‘ldi. Shuningdek, tomonlar Xonobod — Asaka magistral suv quvurini yotqizish masalasini ko‘rib chiqdi.
Boshqa tashabbuslar qatorida xalqaro logistika markazini tashkil etish hamda Andijon shahrida oqova suvlarni tozalash inshootlarini qurish ham bor.
Mazkur loyihalarga yo‘naltiriladigan investitsiyalar qiymati texnik-iqtisodiy tadqiqotlar yakunlari bo‘yicha belgilanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar taklif etilgan tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va kelgusidagi sheriklik aloqalarini mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashdi.