O‘zbekistonda geografik ko‘rsatkichlar uchun maxsus belgilar joriy etiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda geografik ko‘rsatkichlar hamda tovarlarning kelib chiqqan joy nomlari ro‘yxatdan o‘tkazilganini bildiruvchi maxsus belgilar tasdiqlandi.
Tegishli Vazirlar Mahkamasi qarori 5 sentyabrda qabul qilindi va 7 sentyabrdan kuchga kirdi.
Yangi belgilardan ro‘yxatdan o‘tkazilgan geografik ko‘rsatkichlar va tovarlarning kelib chiqqan joy nomlaridan foydalanish huquqini tasdiqlovchi guvohnomalar egalari foydalanishi mumkin. Belgini bevosita tovar yoki uning qadog‘iga joylashtirishga ruxsat etiladi. Ushbu belgi tegishli belgilash O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tkazilganini tasdiqlaydi.
Geografik ko‘rsatkichlar uchun O‘zbekiston xaritasi silueti aks ettirilgan yashil doira shaklidagi belgi tasdiqlandi. Uning dizaynida GI belgisi tushirilgan qizil geografik marker, shuningdek, o‘zbek va ingliz tillaridagi yozuvlar ko‘zda tutilgan.
Tovarlarning kelib chiqqan joy nomlari uchun xuddi shunday markirovka nazarda tutilgan bo‘lib, u moviy ranglar gammasida ishlangan va AO belgisini o‘z ichiga oladi.
Tasdiqlangan belgilar faqat O‘zbekiston hududi bilan bog‘liq geografik ko‘rsatkichlar va tovarlarning kelib chiqqan joy nomlari uchun mo‘ljallangan.
Markirovkadan rangli, shuningdek, oq-qora ko‘rinishda foydalanishga ruxsat beriladi.
Zarur hollarda uning o‘lchamini o‘zgartirish mumkin, biroq bunda dastlabki nisbatlar va belgining tasdiqlangan tashqi ko‘rinishi saqlanishi shart.