Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 209¹-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda ayrim tashkilotlar, idoralar, hatto ayrim fuqarolar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan formali kiyim-boshga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash kiyim-boshlardan foydalanish yoki ayrim tashkilotlar tomonidan o‘z xodimlari uchun shunday kiyim-boshlarni joriy etish holatlari kuzatilmoqda.
Bu esa fuqarolarni chalg‘itishi, davlat organlari obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda ayrim shaxslarga o‘zini davlat organi xodimi sifatida ko‘rsatib, odamlar ishonchini suiiste’mol qilish imkoniyatini yaratishi mumkin. Natijada haqiqiy davlat xizmatchisini boshqa shaxsdan ajratish qiyinlashadi.
Shu munosabat bilan qonun loyihasi orqali O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organlarining tasdiqlangan harbiy yoki idoraviy formali kiyim-boshiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash hamda unga xos farqlovchi belgilar va (yoki) ramzlarga ega formali kiyim-boshni joriy etganlik yoki undan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Belgilanayotgan normalar, eng avvalo, fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, davlat xizmati obro‘sini himoya qilish hamda formali kiyim-boshlardan noqonuniy va g‘arazli maqsadlarda foydalanishning oldini olishga qaratilgan.
Qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida huquqni qo‘llash amaliyotida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli talqinlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratildi.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
O‘zbekistonda idoraviy formaga o‘xshash kiyim uchun jarima joriy etilishi mumkin
Dilafro'z Niyazova
Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.