Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi moliyaviy jarimalarni qo‘llash, ular ustidan shikoyat qilish va noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarish tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat Senat ko‘rib chiqishi uchun yuborildi.
Qonun loyihasi moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha yagona va shaffof qoidalarni belgilash, shuningdek, ularni ixtiyoriy ravishda to‘lash va soddalashtirilgan tartibda undirish mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.
Taklif etilayotgan normalarga ko‘ra, tadbirkorlar sanksiya qo‘llash to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oy ichida jarima summasining 50 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lasa, uning qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin. Shuningdek, jarimani olti oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Alohida qoidalar moliyaviy jarima to‘g‘risidagi qarorlar asosida undirilgan mablag‘larni qaytarishga taalluqli. Agar bunday qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, undirilgan summa eng qisqa muddatlarda qaytarilishi kerak.
Mablag‘larni qaytarish kechiktirilgan taqdirda, tegishli davr uchun Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorining uch yuzdan bir qismiga teng foizlar hisoblanishi nazarda tutilmoqda.
Kutilishicha, taklif etilayotgan o‘zgartishlar tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytiradi, noqonuniy undirilgan mablag‘larning o‘z vaqtida va to‘liq qaytarilishini taʼminlaydi hamda asossiz yoki haddan tashqari moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi xavfini kamaytiradi.