7
O‘zbekiston

Toshkentda SHHTning universal xavfsizlik markazi tashkil etiladi

Toshkentda SHHTning universal xavfsizlik markazi tashkil etiladi
Toshkentda SHHTning universal xavfsizlik markazi tashkil etiladi / Foto: SHHT.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlar xavfsizligiga tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha Universal markazni tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat Senatga yuborildi.

Bitim 2025 yil 1 sentyabrda Tyanszin shahrida imzolangan. Unga muvofiq, Toshkent shahrida SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi negizida Universal markaz tashkil etiladi.

Yangi markaz tarkibiga, shuningdek, Axborot xavfsizligi markazi va Bishkek shahrida joylashgan Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish markazi ham kiradi.

Markazning asosiy vazifalari SHHTga aʼzo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida axborot almashish, xavfsizlikka tahdidlarni birgalikda tahlil qilish, qo‘shma tadbirlar va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish, shuningdek, mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishni muvofiqlashtirishdan iborat bo‘ladi.

Bitimda markazning huquqiy maqomi, boshqaruv tizimi, moliyalashtirish tartibi hamda tashkilotga aʼzo davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish mexanizmlari belgilangan.

Markazni tashkil etish zarurati SHHTga aʼzo davlatlarning terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va axborot xavfsizligiga tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorligini mustahkamlash vazifasi bilan bog‘liq.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.