Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki Boshqaruvi 2026 yil 16 sentyabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi. Inflyatsiyaning pasayishi davom etayotgani va iqtisodiyot dinamikasi yana-da muvozanatlashgani belgilariga qaramay, regulyator ayrim inflyatsiyani kuchaytiruvchi xavflar saqlanib qolayotganini qayd etdi.
Avgust oyida yillik inflyatsiya 6,2 foizgacha sekinlashib, pasayish tendensiyasini davom ettirdi. Bazaviy inflyatsiya qariyb 5,5 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, narxlari yillik 5 foizdan yuqori o‘sib borayotgan tovar va xizmatlar ulushining ortishi barqaror narx bosimi saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Aholi va biznesning inflyatsion kutilmalari ham pasayishda davom etdi, biroq umumiy inflyatsiyaga nisbatan sekinroq surʼatlarda. Markaziy bank bahosiga ko‘ra, bu narx shakllanishi jarayonlariga inflyatsion inersiya taʼsiri saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.
Chakana savdo, xizmatlar sohasi va investitsiyalardagi ijobiy dinamika faol isteʼmol va investitsiya talabidan dalolat bermoqda. Shu bilan birga, so‘nggi oylarda yalpi talabning ayrim tarkibiy qismlari barqarorlashayotgani belgilari paydo bo‘ldi.
Amaldagi pul-kredit sharoitlari taʼsirida iqtisodiyotni kreditlash surʼatlari asta-sekin meʼyorlashmoqda. Shu bilan birga, ijobiy real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga moyilligini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Tashqi xavflar orasida Markaziy bank xomashyo, oziq-ovqat va energiya resurslarining jahon narxlari yuqori darajada qolayotganini qayd etdi. Bu import, transport va logistika qiymati orqali ichki inflyatsiyaga bosim o‘tkazishi mumkin.
Yil davomida so‘mning real samarali almashuv kursining mustahkamlanishi, asosiy savdo hamkorlarining ayrim valyutalari zaiflashgani fonida, aksincha, import narxlari orqali inflyatsion bosimning pasayishiga xizmat qilmoqda.
Ichki inflyatsiyani kuchaytiruvchi omil sifatida tartibga solinadigan narxlarni liberallashtirish jarayonining davom etayotgani saqlanib qolmoqda. Bu ishlab chiqarish xarajatlari va xizmatlar qiymati orqali ikkilamchi inflyatsion taʼsirlarni kuchaytirishi mumkin.
Markaziy bank ushbu xavflarning barqaror inflyatsion jarayonlarga aylanishini cheklash, ularning ikkilamchi taʼsirlarini yumshatish va inflyatsion kutilmalarni yana-da pasaytirish uchun qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish zarur, deb hisoblaydi.
Regulyator inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar, ichki talab hamda tashqi iqtisodiy sharoitlar dinamikasini kuzatishda davom etadi. Inflyatsiyani 2027 yil oxiriga qadar 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichgacha pasaytirish uchun pul-kredit sharoitlari zarur darajada saqlanadi.
Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026 yil 28 oktyabrga belgilangan.