Sport

O‘zbekiston boks terma jamoasi Xitoyda o‘quv yig‘ini o‘tkazadi

O‘zbekiston boks terma jamoasi Xitoyda o‘quv yig‘ini o‘tkazadi
O‘zbekiston boks terma jamoasi Xitoyda o‘quv yig‘ini o‘tkazadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston boks bo‘yicha milliy terma jamoasi aʼzolari 14–24 sentyabr kunlari Xitoyning Sinszyan-Uyg‘ur avtonom hududida xalqaro qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazadi.

 

Yig‘in doirasida sportchilar texnik-taktik va funksional tayyorgarlik ustida ishlaydi, shuningdek, xorijlik raqiblarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston terma jamoasi 4-xalqaro «Bir makon, bir yo‘l» turnirida ishtirok etadi.

Yig‘in sportchilarning muhim xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik darajasini oshirish, yuqori saviyadagi bokschilarni shakllantirish hamda terma jamoaning O‘zbekistonni munosib himoya qilishga tayyorgarligini mustahkamlashga qaratilgan.

Erkaklar terma jamoasi tarkibidan Shodiyorjon Meliqo‘ziyev, Amirbek Ismoilov, Sayfiddin Sobirov, Abdulaziz Abdunazarov, Shohrux Abdumalikov, Madiyar Daniyarov, Athamjon Muxitdinov, Abdulaziz Jo‘raqulov, Safarmurod Allaberganov, Samandar Habibullayev, G‘ofurjon Neʼmatov, Samir Sobirov, Shahzod Polvonov va Ozodbek Aliyev o‘rin oldi.

Erkaklar terma jamoasini Ramz Ahmedov, Yusufjon Tursunov, Ikrom Berdiyev va Ozod Hasanov tayyorlaydi.

Ayollar terma jamoasi sharafini Jasmin Tohirova, Sabina Boboqulova, Zilola Yusupova, Mushtariybonu Ibrohimjanova, Rahima Bekniyazova, Sevinch Hurramova, Aysanem Saruarova, Ruxshona Parpiyeva va Sobiraxon Shahobiddinova himoya qiladi.

Ayollar terma jamoasi murabbiylar shtabi Baxodirjon Nuriddinov va Rustam Abilovdan iborat bo‘ladi. Janglarni Asliddin Abdualimov hakamlik qiladi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.