“Paxtakor” Abdumajidovni Fransiyaga ijaraga berishdan bosh tortdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi himoyachi Muhammadrasul Abdumajidovni sotib olish huquqi bilan Fransiya klubiga ijaraga berish bo‘yicha taklifni rad etdi. Klub maʼlum qilishicha, xorijiy jamoadan futbolchining transferi bo‘yicha rasmiy taklif xati kelib tushmagan.
Klub maʼlumotiga ko‘ra, taklif faqat futbolchining agenti orqali yetkazilgan. “Paxtakor”da mazkur taklif jamoani qoniqtirmagani taʼkidlandi. Shu bilan birga, klub o‘z futbolchilari bo‘yicha manfaatli takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi, chunki har bir futbolchining muayyan transfer qiymati mavjud.
Rad etishning yana bir sababi O‘zbekistonda transfer oynasining yopilgani bo‘ldi. Ayni paytda “Paxtakor” mavsumning muhim bosqichida turibdi va futbolchiga tezkor ravishda o‘rinbosar topish imkoniyatiga ega emas.
Klubda shuningdek, “Paxtakor” murabbiylar shtabi oldiga har mavsum jiddiy vazifalar qo‘yilishi va joriy yil ham bundan mustasno emasligi taʼkidlandi. Futbolchilarning jamoadan ketishi va transferlar bo‘yicha qarorlar belgilangan maqsadlar hamda jamoa manfaatlarini inobatga olgan holda qabul qilinadi.
Oldinda Toshkent klubini OFK Elit Chempionlar ligasida ishtirok etish kutib turibdi. Unda jamoa oldiga munosib ishtirok etish vazifasi qo‘yilgan. Shu munosabat bilan “Paxtakor”da hozirgi vaqtda ustuvor vazifa tarkibni kuchaytirish, uni zaiflashtirish emasligi bildirildi.
Klub vakili taʼkidlashicha, agar taklif ertaroq kelib tushganida, uni batafsil ko‘rib chiqish mumkin edi. Yozgi transfer oynasi davrida “Paxtakor” allaqachon boshqa jamoalarga o‘tgan ikki nafar markaziy himoyachi bilan xayrlashgan.
Shu munosabat bilan klub Abdumajidov bo‘yicha taklifni ko‘rib chiqish imkoniyati faqat qishki transfer oynasi davrida paydo bo‘lishini maʼlum qildi.