“Toshkent” birjasi yangi vizual qiyofasini taqdim etdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tarixi 1994 yildan boshlangan “Toshkent” respublika fond birjasi milliy kapital bozori rivojlanishining zamonaviy bosqichini aks ettiruvchi yangi logotipini taqdim etdi.
Ko‘p yillar davomida tuya Birjaning ramzi bo‘lib kelgan. U chidamlilik, ishonchlilik va uzluksiz harakatni ifodalagan. Ushbu qadriyatlar yangi vizual qiyofada ham saqlanib, zamonaviy grafik ko‘rinishda o‘z ifodasini topdi.
Yangilangan logotip asosida birja faoliyatining raqamlashtirilishini aks ettiruvchi elementlar yotadi. Nuqtalar va piksellar maʼlumotlar oqimi, amalga oshirilayotgan bitimlar hamda bozor ishtirokchilarining o‘zaro hamkorligini ifodalaydi.
Yuqoriga yo‘naltirilgan kompozitsiya vizual jihatdan birja kotirovkalari grafigini eslatadi. U fond bozorining o‘sishi, rivojlanishi va imkoniyatlarini kengaytirishga intilishni taʼkidlaydi.
Tashkent Stock Exchange nomi Birjaning xalqaro yo‘nalishini taʼkidlash va global moliya bozorida brendning tanilishini oshirishga qaratilgan.
Shu tariqa, yangi firma uslubi Birjaning tarixiy qadriyatlarini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtiradi.
Ko‘p yillik faoliyat davomida shakllangan ishonch va barqarorlik zamonaviy moliyaviy muhit talablariga mos yangi vizual ifodaga ega bo‘lmoqda.