Birjalar

“Toshkent” birjasida valyutali obligatsiyalar savdosi boshlandi

“Toshkent” birjasida valyutali obligatsiyalar savdosi boshlandi
“Toshkent” birjasida valyutali obligatsiyalar savdosi boshlandi / Foto: Toshkent Respublika fond birjasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Toshkent” Respublika fond birjasida 28 sentyabr kuni xorijiy valyutada nominallangan obligatsiyalar savdosi boshlandi. Kotirovka ro‘yxatiga Asia Alliance Bank va Universalbankning umumiy qiymati 30 mln dollarlik obligatsiyalari kiritildi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.

Asia Alliance Bank 10 sentyabr kuni O‘zbekistondagi birinchi valyutali korporativ obligatsiyalar chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bank har birining nominal qiymati 100 dollardan bo‘lgan 200 mingta obligatsiya joylashtiradi.

Qimmatli qog‘ozlar birjada AAB1B3U tikeri ostida muomalaga chiqarilgan. Ularning muomala muddati 1095 kun, yaʼni uch yilni tashkil etadi. Kupon stavkasi yillik 7 foiz miqdorida belgilangan bo‘lib, to‘lovlar har chorakda amalga oshiriladi.

Universalbank har birining nominal qiymati 100 dollardan bo‘lgan 100 mingta valyutali obligatsiya joylashtirdi. Birjada ular UNVB1B2U tikeri ostida taqdim etilgan.

Universalbank obligatsiyalari bo‘yicha kupon stavkasi yillik 8,5 foizni tashkil etadi va daromad har chorakda bir marta to‘lanadi. Muomala muddati 730 kun, yaʼni ikki yildan iborat.

Yangi moliyaviy instrumentlar Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan aprel oyida valyutali obligatsiyalar muomalasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanganidan so‘ng bozorda paydo bo‘ldi. Hujjat kapital bozoridagi tartibga soluvchi “qumdon” doirasida xorijiy valyutada nominallangan obligatsiyalarni chiqarish, joylashtirish, muomalaga kiritish va so‘ndirish qoidalarini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, bir kompaniyaning muomaladagi valyutali obligatsiyalarining umumiy hajmi 50 mln dollardan oshmasligi kerak. Taʼminlanmagan obligatsiyalarni emitentning o‘z kapitali doirasida chiqarishga ruxsat beriladi.

Agar chiqarilgan obligatsiyalar hajmi o‘z kapitalidan oshib ketsa, yuqori kredit reytingiga ega bo‘lgan ayrim banklar bundan mustasno, kompaniya belgilangan chegaradan oshgan summa miqdorida taʼminot taqdim etishi kerak.

Taʼminot sifatida ko‘chmas mulk, pul mablag‘lari, bank kafolatlari va sug‘urta polislaridan foydalanish mumkin.

Ko‘chmas mulk dastlab bozor qiymati bo‘yicha baholanishi lozim. Bunda u chiqarilishning baholangan qiymatining ko‘pi bilan 75 foizi miqdorida taʼminot sifatida qabul qilinadi, uning umumiy taʼminot hajmidagi ulushi esa 50 foizdan oshmasligi kerak.

Nizom, shuningdek, valyutali obligatsiyalar emitentlari uchun moliyaviy kovenantlarni nazarda tutadi hamda jismoniy shaxslar tomonidan bunday qimmatli qog‘ozlarni bank tizimi orqali xarid qilishga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.