Toshkentda Xitoy brendlari va Ipak yo‘li tovarlari ko‘rgazmalari ochildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda 2 sentyabr kuni Xitoy brendlari tovarlari ko‘rgazmasi hamda IX Xalqaro «Ipak yo‘li mamlakatlari tovarlari» ko‘rgazmasi ochildi. Tadbirlar 2–4 sentyabr kunlari CAEx ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazilmoqda.
Ko‘rgazmalarning ochilish marosimida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari Sherzod Ibragimov ishtirok etdi.
Ko‘rgazmalar o‘zbekistonlik tadbirkorlarga Xitoy kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, yangi hamkorlar izlash, investitsiya loyihalarini muhokama qilish va qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Ekspozitsiyalarda turli sohalarga oid mahsulotlar va texnologik yechimlar namoyish etilmoqda. Ular orasida raqamli texnologiyalar, “yashil” energetika, intellektual qishloq xo‘jaligi, qurilish, tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishlari bor. Shuningdek, avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati mahsulotlari va xalq isteʼmoli tovarlari ham taqdim etilgan.
Dastur doirasida kompaniyalar vakillari o‘rtasida B2B uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazilmoqda. Muhokamalar davomida eksport va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan kelishuvlar ko‘rib chiqilmoqda.
Xalqaro ko‘rgazmalar CAEx ko‘rgazmalar majmuasida 4 sentyabrga qadar ishlaydi.