Dubayda O‘zbekiston biznes kengashi tashkil etildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 26 avgust kuni Dubayda Uzbekistan Business Council in Dubai — O‘zbekiston biznes kengashi tashkil etildi. Yangi kengash O‘zbekiston va Dubay tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish uchun maydoncha vazifasini bajaradi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Kengashni tashkil etish tashabbusi O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining BAAdagi vakolatxonasi, O‘zbekiston elchixonasi hamda o‘zbek ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan ilgari surildi. Tashabbus Dubay Savdo palatasi ko‘magida amalga oshirildi.
Kengash faoliyati savdo va investitsiya aloqalarini rivojlantirish, yangi biznes hamkorlarni izlash hamda turli sohalarda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan.
Yangi kengashning birinchi yig‘ilishi Dubay Savdo palatasi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi. Unda biznes uchun yangi imkoniyatlar, o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish, kompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, tajriba va axborot almashish, shuningdek, qo‘shma biznes tadbirlarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun iqtisodiy baza allaqachon shakllangan. Ayni paytda O‘zbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi 450 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. So‘nggi uch yilda BAA investitsiyalari hajmi qariyb 3 milliard dollarni tashkil etdi.
2025 yilda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard dollarga yetdi.
Shu bilan birga, o‘zbek biznesining Dubaydagi ishtiroki ham kengaymoqda. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Dubay Savdo palatasida O‘zbekistondan 826 ta faol kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgiga nisbatan 21,3 foizga ko‘p. 2026 yilning birinchi yarmida yana 75 ta o‘zbek kompaniyasi palata aʼzoligiga qo‘shildi.
O‘zbekiston biznes kengashining tashkil etilishi ikki tomon tadbirkorlari va investorlari o‘rtasida doimiy hamkorlik mexanizmini shakllantirishga qaratilgan. Yangi maydoncha orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi savdo-investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash rejalashtirilgan.