O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekiston va Chong Kun Dang hamkorlikni muhokama qildi

Dilafro'z Niyazova · 28.08.2026 · 10:35 · 31 views
O‘zbekiston va Chong Kun Dang hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston va Chong Kun Dang hamkorlikni muhokama qildi / Foto: Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi hamda Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti vakillari Koreya Respublikasiga xizmat safari doirasida Chong Kun Dang Pharmaceutical Corp. kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi xabar berdi.

Tomonlar Koreyaning farmatsevtika sanoatidagi tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv davomida Chong Kun Dang vakillari kompaniyaning dori vositalarini ishlab chiqarish va yangi preparatlarni ishlab chiqish borasidagi tajribasini taqdim etdi. Biologik preparatlar va biosimilyarlarga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, kompaniyaning GMP talablariga muvofiq zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasini tashkil etish yondashuvlari, sifat nazorati tizimi hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan tanishdi.

Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri Koreyaning ilg‘or amaliyotlarini O‘zbekiston farmatsevtika sanoatiga joriy etish imkoniyati bo‘ldi. Tomonlar, shuningdek, biofarmatsevtika sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ikki mamlakatning soha mutaxassislari o‘rtasida bilim va tajriba almashinuvini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari biofarmatsevtika sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Muhokama qilingan yo‘nalishlar qatorida texnologiyalar transferi hamda hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun istiqbolli sohalarni belgilash masalalari ham bo‘ldi.