Toshkentda xalqaro yarimmarafon sabab harakat vaqtincha cheklanadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan Toshkent xalqaro yarimmarafoni o‘tkazilishi munosabati bilan 6 sentyabr kuni poytaxtda avtotransport harakati vaqtincha cheklanadi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi maʼlumotiga ko‘ra, 2026 yil 6 sentyabr kuni soat 05:00 dan 14:00 gacha shaharning qator markaziy ko‘chalarida harakat cheklanadi.
Xususan, cheklovlar Islom Karimov ko‘chasining Furqat ko‘chasidan Sharof Rashidov xiyobonigacha bo‘lgan qismida, Sharof Rashidov xiyobonining Afrosiyob ko‘chasidan Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan qismida joriy etiladi.
Shuningdek, Afrosiyob ko‘chasining Islom Karimov ko‘chasidan Oybek ko‘chasigacha, Oybek ko‘chasining Afrosiyob ko‘chasidan Nukus ko‘chasigacha, Nukus ko‘chasining Oybek ko‘chasidan Abdulla Qodiriy ko‘chasigacha bo‘lgan qismlarida harakat cheklanadi.
Abdulla Qodiriy ko‘chasining Nukus ko‘chasidan Hamidulla Aripov ko‘chasigacha, Hamidulla Aripov ko‘chasining Abdulla Qodiriy ko‘chasidan Mustaqillik xiyobonigacha bo‘lgan qismi ham cheklovlar doirasiga kiradi.
Mustaqillik xiyobonida Mirzo Ulug‘bek xiyobonidan Amir Temur xiyobonigacha bo‘lgan hududda, shuningdek, Amir Temur xiyoboni atrofidagi Buxoro va Shahrisabz ko‘chalarigacha bo‘lgan yo‘llarda harakat vaqtincha cheklanadi.
Bundan tashqari, Alisher Navoiy ko‘chasining Shahrisabz ko‘chasidan Furqat ko‘chasigacha, Botir Zakirov ko‘chasining Alisher Navoiy ko‘chasidan Afrosiyob ko‘chasigacha bo‘lgan qismi hamda O‘qchi ko‘chasining Botir Zakirov ko‘chasiga tutash qismida harakat cheklanadi.
Ishtirokchilar va tomoshabinlar soni ko‘paygan taqdirda, zaruratga ko‘ra, harakat yaqin atrofdagi boshqa ko‘chalarda ham qo‘shimcha ravishda cheklanishi mumkin.
Haydovchilarga yo‘nalishlarni oldindan rejalashtirish, muqobil yo‘nalishlarni tanlash, yo‘l belgilari talablariga, shuningdek, tadbir vaqtida tartib va xavfsizlikni taʼminlovchi xodimlarning ko‘rsatmalariga rioya qilish tavsiya etildi.