Toshkent 2027 yilda APC tadbirlariga mezbonlik qiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent 2027 yilda Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi (APC) konferensiyasi, Osiyo mukofoti va tashkilot Bosh assambleyasini o‘tkazadigan shahar sifatida tanlandi. O‘zbekiston mazkur tadbirlarga birinchi marta mezbonlik qiladi. Ularni kelasi yil noyabr yoki dekabr oylarida o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu haqda payshanba kuni Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Qaror Osiyo mamlakatlarining beshta milliy paralimpiya qo‘mitasi ishtirok etgan tanlov yakunlariga ko‘ra qabul qilindi. Toshkent nomzodini APC Ijroiya kengashi aʼzolari va ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan doimiy qo‘mitalar raislarining aksariyati qo‘llab-quvvatladi.
Tadbirlarda O‘zbekiston poytaxtida Osiyoning 45 ta milliy paralimpiya qo‘mitasi vakillari, APC Ijroiya kengashi va doimiy qo‘mitalari aʼzolari, sportchilar, xalqaro sport federatsiyalari vakillari, O‘yinlarning tashkiliy qo‘mitalari hamda xalqaro sport tashkilotlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Dastur APC konferensiyasi bilan boshlanadi. Unda Osiyoda paralimpiya harakatini rivojlantirishning asosiy masalalari bo‘yicha taqdimotlar, muhokamalar va amaliy seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng Bosh assambleya bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirokchilar tashkiliy va strategik masalalarni ko‘rib chiqib, mintaqada paralimpiya sportini rivojlantirishning keyingi yo‘nalishlarini belgilaydi.
Toshkentda, shuningdek, APC Osiyo mukofoti marosimi ham bo‘lib o‘tadi. Unda avvalgi taqdirlash marosimidan buyon paralimpiya harakatini Osiyoda rivojlantirishga qo‘shgan hissa va erishilgan yuksak natijalar eʼtirof etiladi.
APC prezidenti Majid Rashid tanlovdagi g‘alaba bilan O‘zbekistonni tabriklab, konferensiya va Bosh assambleya Osiyo paralimpiya hamjamiyati vakillari uchun bilim almashish hamda qitʼada sportni yana-da rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish imkoniyati bo‘lishini taʼkidladi.
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi prezidenti va APC vitse-prezidenti Muxtorxon Tashxodjayev Toshkentning tanlanganini mamlakat va poytaxt uchun katta sharaf deb atab, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasiga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.
APCning avvalgi konferensiyasi va Bosh assambleyasi 2025 yilda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan. Unda 40 dan ortiq milliy paralimpiya qo‘mitalari delegatlari, mintaqaviy hamkorlar va xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etgan.