Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Yaponiyaning Aychi prefekturasi va Nagoya shahrida bo‘lib o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi tantanali kutib olindi.
Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda sportchilarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat vakillari, Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston Paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati, Toshkent shahar hokimligi vakillari, shuningdek, sport jamoatchiligi va muxlislar kutib oldi.
Tantanali marosimda Bosh vazir Abdulla Aripov O‘zbekiston delegatsiyasini XX Osiyo o‘yinlarida erishilgan tarixiy natija bilan tabrikladi.
Sportchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi yetkazildi. Unda atletlarning nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etgani, yuksak mahorati va Vatan sharafini munosib himoya qilgani alohida qayd etildi.
Sportchilar nomidan Osiyo o‘yinlari chempionlari Barnoxon Sayfullayeva va To‘rabek Habibullayev so‘zga chiqdi. Ular sport sohasi, sportchilar va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlashga davlat tomonidan yuksak eʼtibor qaratilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, xalqaro maydonda O‘zbekiston bayrog‘ini yana-da baland ko‘tarish uchun bundan keyin ham barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etishlarini taʼkidladi. Tadbirda musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan sportchilarning ota-onalari ham so‘zga chiqdi.
Ishtirok yakunlari: 70 medal va umumiy hisobda beshinchi o‘rin
O‘zbekiston delegatsiyasi XX yozgi Osiyo o‘yinlarida 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Jami 70 ta medal jamg‘argan O‘zbekiston umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni va Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqalarda Osiyoning 45 davlatidan 10 608 nafar sportchi ishtirok etdi. O‘zbekiston vakillari sportning qator turlarida yuqori natijalarni qayd etdi.
Rekordlar va tarixiy g‘alabalar
Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda 197 kilogramm natija qayd etib, jahon rekortini o‘rnatdi, shuningdek, Osiyo rekordini yangiladi.
Otish sportida Vladimir Svechnikov 10 metr masofadan pnevmatik to‘pponcha bilan otish bo‘yicha 244,3 ochko natija qayd etib, Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi.
Yengil atletikaning balandlikka sakrash yo‘nalishida Barnoxon Sayfullayeva 1,90 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Dzyudoda Muzaffarbek Turaboyev yuksak mahorat namoyish etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. U chorak finalda Parij-2024 Olimpiadasi sovrindori Kim Min Chjonni, finalda esa mezbon mamlakat vakili, yaponiyalik Ota Xyoguni mag‘lub etdi.
Delegatsiyaning muvaffaqiyatli ishtirokida Abdulvahhob Rashidov, O‘tkir Jo‘rayev, Shohsanam Sherzodova, Sharifa Davronova, Shahzod Nurmatov, Sobir Safarәliyev, Suhrob Xo‘jayev, Shahriyor Mahkamov, Ibodatxon Ag‘ojonova, Shohruhjon Baxtiyorov, Ahror Ziyodullayev, Pokizaxon Kamoliddinova, Sita Qadamboyeva, Aytjan Xalmaxanov, Abdulmalik Xalokov, Jasurbek Jaysunov, Taxmina Ikromova va boshqa sportchilar ham munosib hissa qo‘shdi.