Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi sanoat xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritdi.
Hujjat xavfli va potensial xavfli obyektlardagi faoliyatni nazorat qilish mexanizmlarini kuchaytirishni nazarda tutadi. Qonun loyihasining asosiy vazifalaridan biri fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, shuningdek, ularning mol-mulkini himoya qilishni taʼminlashdan iborat.
Taklif etilayotgan o‘zgartishlar doirasida Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ayrim normalarini takomillashtirish rejalashtirilmoqda.
Tuzatishlar xavfli va potensial xavfli obyektlarda sanoat xavfsizligi talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini belgilashni nazarda tutadi.
Qonun loyihasining ayrim normalari xavfli yuklar bilan muomala qilish qoidalarini buzganlik, shuningdek, bila turib yolg‘on ekspert xulosasini taqdim etganlik uchun javobgarlik masalalariga taalluqli.
Qonun loyihasini ko‘rib chiqish Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasiga topshirildi.