Namanganda korxona $2 mlnlik eksportni rejalashtirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona joriy mavsumda $2 mlnlik mahsulot eksport qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov “Bunyodkor” kichik sanoat zonasida meva mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati bilan tanishib, ularning ishlab chiqarish imkoniyatlarini baholadi.
Xususan, viloyat rahbari «Abbasov Abdulatif Xakimxanovich» MCHJga tashrif buyurdi. Tashrif davomida u kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari, zarur xomashyo bilan taʼminlanganlik darajasi va mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish rejalari bilan tanishdi.
Loyihaning qiymati 1,5 mlrd so‘mni tashkil etadi. Korxonada 10 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Kompaniya meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ularni tayyorlashga ixtisoslashgan. Korxona rivojining asosiy yo‘nalishlaridan biri mahsulot yetkazib berishni xorijiy bozorlarga kengaytirishdan iborat.
Rejalarga ko‘ra, korxona joriy mavsumda mahsulot eksporti hajmini $2 mlnga yetkazishni maqsad qilgan.
Tashrif yakunlari bo‘yicha viloyat hokimi masʼullarga korxona faoliyatini yana-da kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanishni oshirish va eksport hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha choralar ko‘rishni topshirdi.