O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

“O‘zbekneftegaz” Ustyurtda quduqlar burg‘ilashni tezlashtiradi

Dilafro'z Niyazova · 26.08.2026 · 13:30 · 30 views
“O‘zbekneftegaz” Ustyurtda quduqlar burg‘ilashni tezlashtiradi
“O‘zbekneftegaz” Ustyurtda quduqlar burg‘ilashni tezlashtiradi / Foto: “O‘zbekneftegaz” AJ.

 Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftegaz” AJ va Xitoyning XIBU kompaniyasi Ustyurt hududida chuqur quduqlarni burg‘ilash ishlarini tezlashtirishga kelishib oldi. Tuzilgan shartnoma doirasida burg‘ilash maydonlariga to‘qqizta qurilmani safarbar qilish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning oltitasi allaqachon yetkazilgan. Bu haqda “O‘zbekneftegaz” AJ xabar berdi.

Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari “O‘zbekneftegaz” boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov va Xitoy kompaniyasi delegatsiyasiga boshchilik qilgan XIBU bosh direktori Ay Sin o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.

“O‘zbekneftegaz” maʼlumotiga ko‘ra, hozirgi vaqtda uchta quduqda burg‘ilash ishlari boshlangan. Yana uchta obyektda uskunalarni montaj qilish ishlari davom etmoqda, qolgan uchta qurilma esa safarbar qilish bosqichida.

Bunda XIBU loyihalarda faqat burg‘ilash xizmatlarini ko‘rsatuvchi pudratchi sifatida ishtirok etadi. Ustyurt hududida ishlar olib borilayotgan barcha quduqlar “O‘zbekneftegaz” AJ balansida. Ularga mulk huquqi, shuningdek, o‘zlashtirish va foydalanish bo‘yicha asosiy vakolatlar O‘zbekiston kompaniyasiga tegishli.

Uchrashuvda tomonlar ayrim quduqlarda ishlar shartnomada belgilangan muddatlardan orqada qolayotganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan XIBUga burg‘ilash qurilmalarini safarbar qilish, uskunalarni montaj qilish va bevosita burg‘ilash ishlarini tezlashtirish topshirildi.

Tomonlar birinchi navbatda uchta quduqdagi ishlarni 2026 yil 15 noyabrga qadar, yana ikkitasidagi ishlarni esa dekabr oyida yakunlashga kelishib oldi.

Uchrashuvda geologik maʼlumotlarni tahlil qilish va ko‘p qatlamli konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, qiya yo‘naltirilgan va gorizontal burg‘ilash texnologiyalaridan foydalanish masalasi muhokama qilindi.

“O‘zbekneftegaz”da taʼkidlanishicha, XIBUning zamonaviy texnologik yechimlari burg‘ilash samaradorligini oshirish va quduqlar debitini ko‘paytirish imkonini beradi. Buning uchun kompaniyalar mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashishni kuchaytirish, texnologik muammolarni birgalikda tahlil qilish va zamonaviy burg‘ilash usullarini joriy etishni rejalashtirmoqda.

Uchrashuv yakunida “O‘zbekneftegaz” qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun zarur amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi.