O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun bojxona to‘lovi kamaytiriladi

Dilafro'z Niyazova · 02.09.2026 · 12:40 · 32 views
O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun bojxona to‘lovi kamaytiriladi
O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun bojxona to‘lovi kamaytiriladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2027 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda jismoniy shaxslar belgilangan bojsiz olib kirish meʼyorlaridan ortiqcha shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiradigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi stavkasi pasaytiriladi. Stavka bojxona qiymatining 30 foizidan 20 foizigacha, minimal to‘lov esa tovarning har bir kilogrammi uchun 3 dollardan 2 dollargacha kamaytiriladi. O‘zgarishlar 27 avgustdagi Prezident farmonida nazarda tutilgan.

Yangi stavka Prezidentning 2019 yil 7 noyabrdagi «Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni shaxsiy ehtiyojlari uchun olib o‘tish tartibini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida»gi PQ-4508-son qarorida mustahkamlanadi.

Yagona bojxona to‘lovi jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni notijorat maqsadlarida olib kirishda qo‘llanadi hamda bojxona boji, QQS va aksiz solig‘ining o‘rnini bosadi. Agar olib kirilgan tovarlarning qiymati yoki miqdori belgilangan bojsiz olib kirish meʼyoridan oshsa, to‘lov faqat meʼyordan oshgan qismi uchun hisoblanadi. Bunda tovarning TIF TN kodi va kelib chiqish mamlakatiga qaramasdan, uning bojxona qiymati inobatga olinadi.

Masalan, O‘zbekistonga qiymati 1300 dollar bo‘lgan iPhone olib kirilganda, aviayo‘lovchi uchun bojsiz olib kirish limiti 1000 dollarni tashkil etadi. Shu tariqa, 300 dollar miqdoridagi oshgan summaga to‘lov hisoblanadi.

Amaldagi 30 foizlik stavka bo‘yicha to‘lov miqdori 90 dollarni tashkil etadi: 300 × 30% = 90 dollar. Stavka 20 foizga tushirilganidan keyin xuddi shu tovar uchun to‘lov 60 dollar bo‘ladi: 300 × 20% = 60 dollar.

2027 yil 1 iyundan jismoniy shaxslar uchun qo‘shimcha yengillik ham nazarda tutilgan. Agar tovarlarni notijorat maqsadlarida olib o‘tishda hisoblangan yagona bojxona to‘lovi miqdori bojxona yig‘imlari summasidan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.

O‘zgarishlar «Yangi O‘zbekiston bojxonasi — 2030» strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Hujjat bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, rasmiylashtirish vaqtini qisqartirish hamda 2030 yilga borib bojxona xodimlari ishtirokisiz amalga oshiriladigan operatsiyalar ulushini 60 foizga yetkazishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, bojsiz olib kirish bo‘yicha avval belgilangan cheklovlar saqlanib qoladi. 2025 yil 1 maydan O‘zbekistonga havo transporti orqali kirib kelayotgan yo‘lovchilar uchun limit avvalgi 2000 dollardan 1000 dollargacha kamaytirilgan. Temir yo‘l va daryo transporti orqali kiruvchilar uchun limit 1000 dollardan 500 dollarga tushirilgan, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida esa 300 dollar miqdorida belgilangan.

Xalqaro kuryerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslarga kelib tushadigan tovarlar uchun bojsiz meʼyor har chorakda 1000 dollardan oyiga 200 dollargacha qisqartirilgan.

Bundan tashqari, 20 iyuldan boshlab bojsiz limitdan foydalanish uchun fuqarolar piyoda yoki avtomobil orqali qaytib kirganda O‘zbekiston hududidan kamida ikki kun tashqarida bo‘lishi, havo transporti orqali qaytganda esa kamida uch kun xorijda bo‘lishi kerak.

Avvalroq shaxsiy foydalanish uchun biologik faol qo‘shimchalarni olib kirishga cheklovlar joriy etilgan, shuningdek, tamaki va parfyumeriya mahsulotlari uchun bojsiz olib kirish meʼyorlari qayta ko‘rib chiqilgan.

Mobil qurilmalar uchun ham alohida talablar belgilangan. Yangi mobil telefon olib kirilganda, uning qiymatidan qatʼi nazar, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishi kerak. Aks holda, telefonni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda bojxona to‘lovini amalga oshirish talab etiladi. Ilgari ushbu to‘lov telefonning to‘liq qiymatidan 30 foiz miqdorida undirilgan bo‘lsa, 2027 yil 1 yanvardan stavka 20 foizga tushiriladi.

Shuningdek, aholining haqiqiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda bojsiz olib kirishning minimal miqdoriy meʼyorlarini oshirish bo‘yicha hujjat loyihasini ishlab chiqish ham nazarda tutilgan. Bojxona qo‘mitasi ushbu loyihani 2026 yil mart oyiga qadar tayyorlashi kerak edi.