Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentdagi Korzinka savdo tarmog‘ida koreys oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklari taqdim etiladigan maxsus K-Food Corner burchagi ochildi.
Ochilish marosimi 22 sentyabr kuni Oybek ko‘chasidagi Korzinka do‘konida bo‘lib o‘tdi. Unda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Von Do Yon va Korzinka bosh ijro direktori Pedro Martinyo ishtirok etdi.
Elchixona maʼlumotlariga ko‘ra, K-Food Corner 14 sentyabrdan 11 oktyabrga qadar Korzinka‘ning uchta filialida test rejimida ishlaydi. Xaridorlarga koreys lapshasi ramyondan tashqari shirinliklar, dengiz mahsulotlari, salatlar va souslarni o‘z ichiga olgan 20 dan ortiq turdagi mahsulotlar taklif etilmoqda. Yaqin vaqt ichida assortimentni Koreyadan keltiriladigan yangi mevalar bilan to‘ldirish rejalashtirilgan.
Von Do Yonning so‘zlariga ko‘ra, maxsus koreys burchagini tashkil etish g‘oyasi UzFood 2026 xalqaro ko‘rgazmasidan keyin paydo bo‘lgan. Elchi O‘zbekiston isteʼmolchilarining koreys mahsulotlariga qiziqishi yuqori ekanini taʼkidlab, ko‘rgazmadan so‘ng tegishli taklif bilan Koreyaning KOTRA agentligi va Koreya Eksimbankiga murojaat qilgan.
Von Do Yon loyihani ishga tushirish sanasining ramziy ahamiyatini ham qayd etdi. 14 sentyabr kuni Seulda Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi prezidentlari sammiti bo‘lib o‘tgan. Unda tomonlar strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalar, ishlab chiqarish, transport va infratuzilma, shuningdek, sunʼiy intellekt, farmatsevtika va biotexnologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgan.
Elchining taʼkidlashicha, hukumatlararo hamkorlik bilan bir qatorda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar ham muhim ahamiyatga ega. Von Do Yonning qayd etishicha, K-Food Corner shunday ko‘priklardan biriga aylanishi va Koreya hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kerak.
Pedro Martinyo loyihani nafaqat hukumatlar va yirik kompaniyalar darajasida, balki oddiy insonlar o‘rtasida ham rivojlanayotgan hamkorlikning amaliy namunasi deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Korzinka loyihani test rejimida ishga tushirgan va xaridorlar, ayniqsa K-popdan tortib kosmetikagacha bo‘lgan koreys madaniyatiga qiziquvchi yosh avlod vakillarining ijobiy munosabatini kutmoqda.
Martinyoning taʼkidlashicha, O‘zbekiston aholisining bir qismi koreys mahsulotlari bilan allaqachon tanish, biroq ularni xarid qilish mumkin bo‘lgan joylar yetishmaydi. Test davri muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, kompaniya loyihaning mahsulotlar assortimenti va geografiyasini kengaytirishni rejalashtirmoqda.