“O‘zMIJ”ning yarim yillik foydasi 2,1 trillion so‘mga yetdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (“O‘zMIJ”, UzNIF) 2026 yil birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (MSʼHS) bo‘yicha qariyb 2,1 trillion so‘m sof foyda oldi. Bir yil avval ushbu ko‘rsatkich 52,6 milliard so‘mni tashkil etgan edi.
Moliyaviy natijaning o‘sishiga asosiy omil sifatida haqqoniy qiymat bo‘yicha foyda yoki zarar orqali hisobga olinadigan aksiyalarga kiritilgan investitsiyalardan olingan amalga oshirilmagan sof foyda xizmat qildi. Hisobot davrida bu ko‘rsatkich 2,2 trillion so‘mni tashkil etib, jamg‘arma portfeliga kiruvchi qimmatli qog‘ozlar bozor qiymatining o‘zgarishini aks ettirdi.
Dividendlardan olingan yalpi daromad 55,4 milliard so‘mdan 341 milliard so‘mgacha oshdi, operatsion foyda esa 55,4 milliard so‘mdan 2,5 trillion so‘mgacha ko‘tarildi.
Birinchi yarim yillik yakuniga ko‘ra, jamg‘arma aktivlari 32,5 trillion so‘mga yetdi. Bu yil boshiga nisbatan 7,2 foizga ko‘pdir. O‘z kapitali 6,1 foizga o‘sib, 31,7 trillion so‘mni tashkil qildi. Taqsimlanmagan foyda hajmi esa 146,6 foizga oshib, 3,5 trillion so‘mga yetdi.
Eʼlon qilingan hisobotda qayd etilishicha, ko‘rsatkichlarning o‘sishi asosan jamg‘armaning muhim aktivlaridan biri hisoblangan “O‘zbektelekom” aksiyalari qiymatining ikkinchi chorakda 150 foizga oshgani bilan izohlanadi. Shuningdek, hisobot davrida jamg‘armaning sof aktivlar qiymati (NAV) 9,2 foizga ko‘paygan.