Hindiston prezidenti O‘zbekiston tashqi ishlar vazirini qabul qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —Hindiston Respublikasi Prezidenti Draupadi Murmu 3 avgust kuni Nyu-Deli shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri maʼlum qilishicha, uchrashuv avvalida Hindiston rahbariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklari yetkazildi.
Muzokaralar davomida tomonlar siyosiy muloqotni yana-da faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Baxtiyor Saidov samimiy qabul uchun Hindiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston va Hindiston tashqi siyosat idoralari ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yana-da mustahkamlash yo‘lida qo‘shma ishlarni izchil davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.