O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

“Oʻzbekneftgaz” Milliy burgʻulash kompaniyasini tashkil etdi

UzDaily tahririyati · 29.07.2026 · 16:45 · 48 views
“Oʻzbekneftgaz” Milliy burgʻulash kompaniyasini tashkil etdi
“Oʻzbekneftgaz” Milliy burgʻulash kompaniyasini tashkil etdi / Foto: "O'zbekneftgaz" AJ.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Neft va gaz sohasida qazib chiqarish barqarorligini taʼminlash avvalo yangi zaxiralarni izlash va ularni oʻz vaqtida oʻzlashtirishga bogʻliq. Bu esa eng zamonaviy burgʻilash texnologiyalari, yuqori malakali mutaxassislar va kuchli texnik bazani talab qiladi.

Ana shu maqsadda “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida milliy burgʻilash salohiyatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadigan, xalqaro talablar asosida ishlay oladigan, mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratadigan “UNG Burgʻilash” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.

Yangi kompaniyaning tashkil etilishi nafaqat yangi tuzilma yaratish, balki mamlakatimizda chuqur quduqlarni burgʻilash sohasida zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish, yuqori texnologiyalarga asoslangan milliy burgʻilash maktabini shakllantirish hamda neft-gaz sohasida raqobatbardoshlikni oshirish yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi. Shu bilan birga kompaniya faoliyatini yoʻlga qoʻyishdan koʻzlangan yana bir maqsad kelgusida qoʻshni davlatlar va xalqaro bozorda ham raqobatbardosh servis xizmatlarini koʻrsatish salohiyatini shakllantirishdan iborat. Shu bois jamiyat eng zamonaviy burgʻilash uskunalari va texnologik yechimlar bilan toʻliq taʼminlanadi, xodimlar tarkibi esa xalqaro talablar, xorijiy tillarni bilish darajasi hamda zamonaviy kasbiy bilim va koʻnikmalar asosida saralanadi.

Kompaniyaning asosiy vazifasi Ustyurt va respublikamizning boshqa istiqbolli hududlarida neft va gaz quduqlarini xalqaro standartlar asosida burgʻilash, yangi uglevodorod zaxiralarini aniqlash hamda qazib chiqarish barqarorligini taʼminlashdan iborat.

Bu maqsadda kompaniya uchun 9 ming metrgacha chuqurlikda ishlay oladigan, raqamli boshqaruv tizimi bilan jihozlangan ZJ-70 va ZJ-90 rusumli 21 ta zamonaviy burgʻilash dastgohlari xarid qilinmoqda. Ularning mamlakatimizga yetkazib berilishi joriy yilning oktyabr oyidan boshlanishi rejalashtirilgan. Yangi avlod burgʻilash qurilmalari yuqori bosim va yuqori haroratli murakkab geologik sharoitlarda ham ishonchli va xavfsiz ishlash imkoniyatini yaratadi.

Shu bilan birga, burgʻilash ishlarini toʻliq texnologik sikl asosida tashkil etish maqsadida yuqori bosimli sementlash flotlari, azot va kompressor agregatlari, quduqlarni sinash va oʻzlashtirish uskunalari, maxsus transport vositalari hamda boshqa zamonaviy texnikalarni bosqichma-bosqich xarid qilish ishlari ham amalga oshirilmoqda.

Kompaniya faoliyatining yana bir muhim ustuvor yoʻnalishi — sohaga xalqaro tajribaga ega muhandislar va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilishdir. Shuningdek, burgʻilash eritmalari, sementlash, karotaj, burgʻilash dolotalari, quduqlarni sinash kabi texnologik jarayonlarda dunyoning yetakchi servis kompaniyalari bilan hamkorlik qilish orqali eng ilgʻor xalqaro amaliyotlarni milliy ishlab chiqarishga tatbiq etish rejalashtirilgan.

Bu esa quduqlar qurilishi sifatini yanada oshirish, texnologik xavflarni kamaytirish, burgʻilash muddatlarini qisqartirish va ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada yuksaltirish imkonini beradi.

Eng muhimi, “UNG Burgʻilash”ning tashkil etilishi milliy burgʻilash sohasida yangi bosqichni boshlab beradi. Zamonaviy texnika, yuqori texnologiya va milliy kadrlar salohiyati uygʻunligi orqali mamlakatimizda istiqbolli konlarni oʻzlashtirish surʼati yanada tezlashadi, uglevodorod resurslari bazasi kengayadi va neft-gaz tarmogʻining uzoq muddatli barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratiladi.