O‘zbekiston va Xitoy qurilish materiallari sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 9 sentyabr kuni Toshkentda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” assotsiatsiyasi hamda Xitoyning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Xitoy korxonalarining qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasidagi hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Assotsiatsiya boshqaruvi raisi Ilyos Rahimov ishtirokchilarga sohaning ishlab chiqarish salohiyati haqida maʼlumot taqdim etdi.
Uchrashuv davomida asosiy eʼtibor O‘zbekistonning qurilish sohasidagi korxonalari va Xitoy biznesi o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirishga qaratildi. Xususan, tomonlar deraza va eshik tizimlari, eshik furniturasi, avtomatik tizimlar hamda fasadlarni oyna bilan qoplash uchun yechimlar ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Muhokamalarning alohida yo‘nalishi O‘zbekiston hududida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalasi bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchilar qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va zamonaviy texnologiyalarni transfer qilish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Bundan tashqari, tomonlar ikki davlat kompaniyalari o‘rtasida eksport-import hamkorligini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.