O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

Oʻzbekiston va Yaponiya uzoq muddatli investitsiya kun tartibini ishlab chiqmoqda

Dilafro'z Niyazova · 10.09.2026 · 10:55 · 37 views
Oʻzbekiston va Yaponiya uzoq muddatli investitsiya kun tartibini ishlab chiqmoqda
Oʻzbekiston va Yaponiya uzoq muddatli investitsiya kun tartibini ishlab chiqmoqda / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 9-sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston–Yaponiya va Yaponiya–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik qo‘mitalarining 18-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Yaponiya–O‘zbekiston qo‘mitasi raisi, Mitsubishi Corporation prezidenti katta maslahatchisi Masayuki Tanimoto hamraislik qildi.

Muhokamalarda Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Kenji Yamada, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kenji Hirata, tegishli idoralar, moliya institutlari, biznes uyushmalari va kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Yaponiya tomonidan 130 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, yetakchi korporatsiyalar va taraqqiyot tashkilotlari vakillari qatnashdi.

Yaponiya biznesining yuqori qiziqishi 2025-yil dekabr oyida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti va davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarga asoslanadi. O‘sha paytda shakllantirilgan umumiy qiymati 12 milliard dollarlik 75 ta loyihadan iborat portfel uzoq muddatli kun tartibini belgilab berdi va hozirda asosiy e’tibor uni izchil amalga oshirishga qaratilgan.

Ushbu ishlar uchun O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sish sur’atlari qulay asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 2025-yilda iqtisodiyot 7,7 foizga, joriy yilning birinchi yarmida esa 8,5 foizga o‘sdi.

Zamonaviy texnologiyalar va infratuzilmaga bo‘lgan talabning ortib borayotganini hisobga olib, tomonlar energetika, kimyo sanoati, mashinasozlik, kritik minerallar, sog‘liqni saqlash va IT sohalarini ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgiladi. Korxonalarni modernizatsiya qilish, mahalliylashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, raqamlashtirish va tashqi bozorlarga chiqish umumiy ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.

Tarmoq takliflarini tezroq amaliy bosqichga o‘tkazish maqsadida investorlar uchun moliyaviy va tashkiliy shart-sharoitlar alohida ko‘rib chiqildi. Nosuveren moliyalashtirishni kengaytirish va maxsus iqtisodiy zona tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Ushbu vositalar majmuasi kapital, tayyor ishlab chiqarish maydonlari va zarur infratuzilmadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.

Raqamli iqtisodiyot ham o‘sishning muhim zaxiralaridan biri sifatida qayd etildi. Hozirda 20 dan ortiq Yaponiya kompaniyasi IT Park Uzbekistan rezidenti hisoblanadi, mamlakatning IT-xizmatlari umumiy eksporti esa 1 milliard dollardan oshgan. Bu autsorsingni kengaytirish, raqamli yechimlarni Yaponiya bozoriga olib chiqish va texnologik ishlanmalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratmoqda.

Yig‘ilishning amaliy qismi O‘zbekistonning tegishli idoralari, Yaponiya korporatsiyalari, ta’lim va moliya tashkilotlari vakillarining taqdimotlari bilan davom etdi. Sanoat kooperatsiyasi, raqamli transformatsiya, mineral resurslarni o‘zlashtirish, kadrlar tayyorlash va biznesni qo‘llab-quvvatlash vositalari asosiy e’tibor markazida bo‘ldi. Bunday format tarmoqlarning ehtiyojlarini salohiyatli hamkorlarning texnologiyalari va kompetensiyalari bilan uyg‘unlashtirish imkonini berdi.

Yig‘ilish yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Dastur ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida keyingi qadamlarni kelishib olish va yangi aloqalarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bevosita muzokaralar hamda ishbilarmonlik muloqotlari bilan davom etdi.